Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

«O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» informasion dasturi 22 may soat 21:00 dagi sonida muxbir Shahlo Ergashevaning Toshkentda yangi ochilgan uch qavatli transport bog‘lamasi haqidagi reportaji efirga uzatildi. Reportaj davomida inshootni ta’riflarkan, muxbir, jumladan, shunday dedi: «Ushbu ob’ekt Markaziy Osiyoda uch qavatli bo‘lgan yagona transport inshootiga aylandi». Bu haqda "Daryo" yozmoqda.

Toshkentda yangi ochilgan uch qavatli yo‘l haqiqatan ham Markaziy Osiyoda yagona bo‘lganida edi, targ‘ibot va tashviqot ustalarining bu faktdan Olmaota metrosi ochilguniga qadar «Toshkent — Markaziy Osiyoda metropoliteni bor yagona shahar» deb maqtanganliklari kabi foydalanishlariga hech e’tiroz bo‘lmasdi (vaholanki o‘ta zarurat sabab qurilgan bunday inshootlar bilan maqtanishning o‘zi bahsli), biroq millionlab tomoshabinga ega «O‘zbekiston 24»ning jonli efiri bunday yolg‘onlar uchun minbar bo‘lmasligi kerak.

Toshkentda qurilgan uch qavatli yo‘l — Markaziy Osiyoda yagona emas

Markaziy Osiyo aslida kattaroq, hatto Xitoyning bir qismini qamrab oladigan geografik tushuncha, biroq «O‘zbekiston 24» muxbirlari bunda, katta ehtimol bilan, O‘zbekistonga qo‘shni to‘rt mamlakat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni nazarda tutgan. E’tiborlisi, Qirg‘izistondan tashqari qolgan uch mamlakatda uch qavatli yo‘llar allaqachon qurilib, foydalanishga topshirilgan va yangilarini qurish ishlari olib borilmoqda.

2016 yil avgustida Qozog‘istonning «janubiy poytaxti» — Olmaota shahrida o‘sha vaqtda tirbandliklardan eng ko‘p aziyat chekkan Sayin va Risqulov ko‘chalari kesishmasida uch qavatli transport bog‘lamasi foydalanishga topshirilgan edi. Bir qarashda u uch qavatliga o‘xshamaydi (lekin haqiqatan ham uch qavatli), boz ustiga 311 metrlik yo‘l o‘tkazgichi ham boshqacha.

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

Hozirda Olmaotaning xalq orasida «aeroport halqa»si deb nomlanuvchi Buxtarma ko‘chasi — G‘ulja yo‘li chorrahasida ko‘rinishi Toshkentdagi uch qavatli yo‘lni qariyb takrorlovchi transport inshooti qurilmoqda.

2017 yil yanvarida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida tonnellarga to‘la Andalib shohko‘chasining Gurbansulton eje ko‘chasi bilan kesishmasida uch qavatli yo‘l inshooti qurilgan.

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

 

U ko‘prik, uzunligi 380 metrga teng tonnel va aylanma chorrahadan iborat (va ko‘rinishidan Toshkentdagi uch qavatli yo‘lga o‘xshaydi, bitta farqi — aylanma yo‘l ikkinchi emas, uchinchi qavatda). «Turkman davlat xabarlari»ning yozishicha, inshoot 9 ballgacha bo‘lgan yerosti silkinishlariga chidamli.

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

Ashxoboddagi Andalib va Gurbansulton eje chorrahasida qurilgan uch qavatli yo‘l.

Skrinshot: «Yandex.Xarita»

2018 yil sentyabrida Tojikiston poytaxti Dushanbeda, Nusratullo Maxsum va G‘ofurov ko‘chalari chorrahasida mamlakatdagi ilk uch qavatli transport inshooti qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.

Ob’ekt qurilishi 2016 yil sentyabrida boshlangan, loyiha uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 35 million dollarlik kredit, 3 million dollar miqdorida texnik yordam ajratgan edi.

«O‘zbekiston 24» Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘lni «Markaziy Osiyoda yagona» deb atadi. Bu — yolg‘on (FOTO+VIDEO)

Dushanbening 82-kichik tumanida 2018 yili foydalanishga topshirilgan uch qavatli yo‘l.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Dushanbeda 2020 yil bahorida ikkinchi uch qavatli chorraha foydalanishga topshirilishi kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab foydalanishga deyarli tayyor inshootning to‘liq ochilishi noma’lum muddatga qoldirilgan.

 

PS. Hech bir OAV xatodan kafolatlanmagan, internet-nashrlarda, xususan, «Daryo»da berilayotgan u yoki bu axborot noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi mumkin, chunki aksariyat materiallar rasmiy manbalar va axborot agentliklariga asoslanib (qayta) tarqatiladi (milliy qonunchilikka muvofiq, rasmiy manbalar va axborot agentliklaridan olingan axborotning to‘g‘ri va haqqoniyligi uchun rasmiy manbalar va axborot agentliklarining o‘zi javobgar). Ammo «Markaziy Osiyoda yagona», «dunyoda yagona» degan jumlalar bilan bilib-bilmay noto‘g‘ri yoki yolg‘on axborot tarqatishdan hamma tiyilgani ma’qul.

Kiritildi: 19:02 23.05.2020. O'qildi: 8336 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!