Uzbekistan Airways aviakompaniyaning axborot tizimlari xakerlar tomonidan buzilib, yo‘lovchilar va xodimlar haqidagi ma’lumotlar qo‘lga kiritilgani hamda ular sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Bayonotda aytilishicha, hozirgi vaqtda axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish (komprometasiya) bilan bog‘liq birorta ham tasdiqlangan hodisa qayd etilmagan. Barcha infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda.
“Bir qator nashrlarda go‘yoki ma’lumotlar sizib chiqqanining isboti sifatida keltirilgan misollar ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Materiallarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bizning axborot tizimlarimizga aloqador emas va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa mavjudligi haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirish maqsadida sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ta’kidlanishicha, ayrim ommaviy axborot vositalarida sizdirilgan ma’lumotlar haqida xabarlar tarqalishi munosabati bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
“Hech qanday ma’lumotlar komprometasiya qilinmaganiga qaramasdan, natijalar bundan keyin himoya darajasini yanada kuchaytirish maqsadida qo‘llanadi”, deyiladi aviakompaniya bayonotida.