Bugun 17 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

“O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoyning yirik energetika korporasiyasi: strategik hamkorlikdan amaliy loyihalar sari

“O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoyning yirik energetika korporasiyasi: strategik hamkorlikdan amaliy loyihalar sari

Jahon energetika bozorida katta tajribaga ega xalqaro korporasiya bilan hamkorlik O‘zbekiston gidroenergetikasini rivojlantirish, investisiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov Xitoyning yirik davlat energetika korporasiyalaridan biri — “China Energy International Group” rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 1 maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–163-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida istiqbolli investisiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar xalqaro investisiyalarni jalb etish, istiqbolli gidroenergetika loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, mavjud quvvatlarni modernizasiya qilish, zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, Jamiyat tizimidagi loyiha institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kadrlar almashinuvi va mutaxassislar malakasini oshirish orqali o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.

Uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro ilg‘or tajribani mahalliy sharoitga tatbiq etish orqali O‘zbekiston gidroenergetika tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, amaliy sheriklikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur hamkorlikning ahamiyati “China Energy International Group”ning xalqaro energetika bozoridagi mavqei, yirik infratuzilma ob’ektlarini barpo etish tajribasi va kompleks muhandislik yechimlarini amalga oshirish salohiyati bilan belgilanadi.

“China Energy International Group” — yirik gidroenergetika loyihalarida xalqaro tajribaga ega hamkor

“China Energy International Group” Xitoyning yirik davlat energetika va muhandislik korporasiyasi — “China Energy Engineering Group” (“Energy China”) tarkibidagi xalqaro tuzilma bo‘lib, Xitoy va xorijiy bozorlarda yirik energetika ob’ektlarini loyihalash hamda qurishda katta tajribaga ega. Korporasiya guruhiga kiruvchi “China Gezhouba Group Corporation” kabi muhandislik-qurilish kompaniyalari dunyodagi yirik gidroenergetika loyihalarida ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, Xitoydagi 22,5 gigavatt quvvatli “Uch dara” (Three Gorges), 16 gigavattlik “Bayxetan” (Baihetan) va 12,6 gigavattlik “Silodu” (Xiluodu) GESlari korporasiya guruhining gidroenergetika sohasidagi muhandislik va qurilish tajribasini namoyon etuvchi yirik loyihalardandir. Ushbu ob’ektlar murakkab gidrotexnik inshootlar, yuqori quvvatli gidroagregatlar va zamonaviy muhandislik yechimlari bilan ajralib turadi.

Yirik gidroenergetika ob’ektlarini barpo etishda to‘plangan tajriba, muhandislik salohiyati va loyihalarni kompleks amalga oshirish imkoniyatlari “China Energy International Group” bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Bunday hamkorlik O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarga xalqaro tajribani jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va investisiyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Xalqaro tajribaga ega kompaniya bilan hamkorlik nafaqat yangi ob’ektlarni qurish, balki loyihalarni tayyorlash, texnik-iqtisodiy asoslash, zamonaviy uskunalarni tanlash va qurilish jarayonlarini samarali tashkil etishda ham muhim ahamiyatga ega.

Kiritildi: 17:39 16.10.2026. O'qildi: 258 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!