Rossiya Ichki ishlar vazirligi ayrim xorijlik ishchilarni rus tili, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi asoslari bo‘yicha imtihon topshirishdan ozod etishni taklif qildi. Bu haqda vazirlik ishlab chiqqan qonun loyihasiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Taklif Rossiyaning maxsus hududlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarda ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijliklarga taalluqli. Bu hududlar ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hududlari deb ataladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, chet elliklar ish ruxsatnomasini olish uchun, odatda, rus tilini bilishi, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslaridan xabardorligini tasdiqlashi kerak. Yangi qonun loyihasi esa imtihondan ozod etiladigan xorijliklar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutadi.
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday maxsus hududlar mamlakatning bir tarmoqqa ixtisoslashgan shaharlari, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalari, shuningdek, Uzoq Sharq va Arktika mintaqalarida joylashgan. Jumladan, Uzoq Sharqda 16 ta, Arktikada esa 2 ta shunday hudud mavjud.
Loyiha mualliflarining fikricha, bu o‘zgarishlar investisiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratib, mazkur hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tezlashtiradi.
Hujjat Rossiyaning “Chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi. Qonun loyihasi bosh vazir o‘rinbosari, prezidentning Uzoq Sharq federal okrugidagi vakili Yuriy Trutnev rahbarligida 2026 yil 29 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi asosida ishlab chiqilgan.
Hozircha bu faqat qonun loyihasi bo‘lib, imtihon talabi barcha xorijliklarga bekor qilingani yo‘q.