Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish sho‘’basi tomonidan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash, kredit qarzdorligini undirish va undiruvchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tegishli ijro harakatlari olib borilmoqda.
Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2026 yil 11 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor fuqarodan undiruvchi bank ATB foydasiga 1 milliard 57 million 328 ming 421 so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan.
Sud hujjatida qarzdorga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri, Olmazor tumani, Islom Ota MFY, Qoraqamish 1/2-mavzesidagi ko‘p kvartirali uydagi tegishli xonadonga undiruv qaratish nazarda tutilgan. Mazkur xonadonning boshlang‘ich bahosi sud hujjatiga muvofiq 1 milliard 200 million so‘m etib belgilangan.
Qonunchilik talablariga muvofiq, qarzdorga qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun belgilangan muddat berilgan. Biroq ushbu muddat davomida kredit majburiyatlari bajarilmagani sababli, sud hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida majburiy ijro choralari ko‘rildi. Jumladan, garov ta’minoti hisoblangan mazkur xonadon belgilangan tartibda xatlandi.
Ayni paytda xonadonni «E-Auksion» elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Auksion savdolari natijasida tushadigan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda undiruvchiga yo‘naltirilib, mavjud kredit qarzdorligini qoplashga xizmat qiladi.
Mazkur holat kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish nafaqat qarzdorning moliyaviy mas’uliyati, balki garovga qo‘yilgan mol-mulkning huquqiy taqdiri bilan ham bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Zero, qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyatidan foydalanilmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda garov mulki hisobiga undiruvni amalga oshirish choralari ko‘riladi.