Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasiga xorijiy investorlarni jalb qilish ishlarini faollashtirmoqda. Shu doirada vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Yaponiyaning bir qator kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar investisiyalarni jalb qilish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish va boshqaruv kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, yaponiyalik investorlar hozirning o‘zida Xorazm viloyatida 50 ga yaqin ko‘p qavatli uyni boshqaruviga olib, kompleks kapital ta’mirlash va zamonaviy servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib bormoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi boshqaruvsiz uylarni boshqarish yuzasidan ham takliflar bildirildi.
«Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotgani ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Biz investisiyalar, zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifatli servis xizmatlarini jalb etish orqali sohaning raqobatbardoshligini yanada oshirishni maqsad qilganmiz», — dedi vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva.
Bu uy-joy fondini boshqarish sohasi uchun tamoman yangi bosqich hisoblanadi. Sohaga xorijiy sarmoya bilan birga boshqaruvning ilg‘or standartlari, zamonaviy texnologiyalar va servis madaniyati ham kirib kelishi tabiiy. Bu esa raqobatni kuchaytirib, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishi mumkin.