Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

«Qutqaring, xotinim uryapti!» yoxud xotinlaridan kaltak yegan erlar uchun yordam markazi ochildi

A A A
«Qutqaring, xotinim uryapti!» yoxud xotinlaridan kaltak yegan erlar uchun yordam markazi ochildi

Zo‘ravonlik ishlatish, turmush o‘rtog‘iga do‘q-po‘pisa qilib, qo‘l ko‘tarish faqat erlarga xos deb o‘ylaysizmi? Adashasiz. Hozir ayollar ham ancha qahri qattiq bo‘lib ketishgan. Hozir bolalari u yoqda tursin, erlarini ham ayab o‘tirishmayapti. Gaplariga kirmay, oilada o‘rnatilgan qoidalarning teskarisini qilyaptimi, ko‘zi ko‘karishiga tayyor tursin. Bunday rafiqalar dastidan hatto ba’zi erkaklar yordam so‘rab, yordam markazlariga murojaat etishmoqda. Masalan, mana shunday markazlardan biri Sankt-Peterburgning Neva shahrida ham ochildi. Peterburglik ruhshunoslarni o‘zida jamlagan mazkur maskanning nomi o‘ziga xos — «Ikki nuqta». Hatto jurnalistlardan biri mushtipar er sifatida u yerga borib, reportaj ham tayyorlab keldi.

Qog‘oz sochiq tayyorlab qo‘yilgan

Yoshgina ayolning ovozi xuddi mayin musiqa singari eshik ortiga ham jaranglab eshitilmoqda:

— Sizning hikoyangizda juda ko‘p ikkiliklar bor. Siz bu raqamning hayotingizda tutgan roli haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

— To‘g‘risini aytsam, o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Mo‘’jazgina xona. Chiroyli parda tutilgan. Ikkita shinam kreslo. Jurnal stoli. Bir qadoq qog‘oz salfetka — yarmi bo‘shab qolgan. Mendan avval bu yerda bir yigit bo‘lgan edi. Aftidan, o‘ta ta’sirchan bo‘lsa kerak.

«Ikki nuqta» — Rossiyadagi jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan erkaklarni hayotga qaytaradigan, yordam beradigan birinchi markaz sanaladi. Unda dastlabki besh konsultasiya — tekin.

Saytdagi uncha katta bo‘lmagan anketani to‘ldirib, qabulga yozildim. «Ikki nuqta»ning filiallari butun shahar bo‘ylab tarqalib ketgan. Ulardan biri tahririyatimizdan besh daqiqa uzoqlikda joylashgan ekan. Bu menga juda qo‘l keldi, chunki rahbarim — ayol kishi. Agar yordam so‘rash kerak bo‘lsa, uzoqqa borib o‘tirmayman...

— Ikki yil oldin xotinim meni rosa urgan, — qizarib e’tirof etdim men. — To‘g‘ri, “rosa” so‘zini balandparvoz tarzda ishlatdim. Do‘stlarim bilan ziyofatda mazza qilib o‘tirdik. Uyga kech qaytdim. Oyoqda zo‘rg‘a turardim. Xotinim ahvolimni ko‘rib, o‘zini tuta olmadi va ikki yuzimga ikkita shapaloq urdi... To‘g‘ri, bu holat har kim bilan ham sodir bo‘lishi mumkin. O‘zim ham rosa yetilgan edim-da... Kechirasiz, bu holat shu qadar chalkashki... Menimcha bu jiddiy muammo bo‘lmasa kerak-a?

— Yo‘q, biroq siz shu yerdasiz, — mulohaza bilan javob qildi ruhshunos. — Ayrim jabrdiydalar bu kabi holatlarga uncha e’tibor berishmaydi va chakki qilishadi. Chunki qachondir chekilgan iztirob, albatta, bir kun bo‘y ko‘rsatadi.

Tushim va hayotimdagi aviafalokat

Rafiqam bilan munosabatlarimiz a’lo darajada edi, biroq ruhshunos qabuliga bu holatda kelib bo‘lmasdi. Shunday ekan, kechir, azizam, ba’zi voqealarni ko‘pirtirib ko‘rsatishga majburman!

— Oradan ikki yil o‘tdi, biroq bu epizodni hali ham esdan chiqara olmayapman, — yanayam ko‘proq bo‘yoqqa o‘rab ko‘rsatdim vaziyatni. — Oxirgi vaqtlarda bir xil tushni qayta-qayta ko‘ryapman: qorong‘i yo‘lak, eski gulqog‘oz, xona gullari va menda o‘sha paytgacha bo‘lmagan ikkita tarsaki...

Mendek basavlat erkakni tinglab, bosh irg‘agancha mutaxassis yon daftarchasiga bir nimalarni yozib qo‘yyapti. Shu payt eng qiziq narsa boshlandi — psixoanaliz (mening aqli ojizimcha, bu xuddi shunday ataladi, axir qachonlardir Zigmund Freyd ta’limotidan ta’lim olganman!). Turli xil mayda ma’lumotlardan biz umumiy kartina hosil qilmoqchi bo‘ldik.

— Tushingizga yana nimalar kiradi?

— Ko‘proq aviafalokatlar, — haqiqatni tan oldim men. — Faqat men yo‘lovchi emas, guvohman. Ko‘chadan ketayotib, samolyotning sekin qiyshayib, yerga qulayotganini ko‘raman va uyg‘onib ketaman.

— Yerga kelib urilgan paytini hech ko‘rganmisiz?

— Yo‘q.

— Bu tushni o‘sha tarsakilardan keyin ko‘ra boshladingizmi yo ungacha ham ko‘rib turarmidingiz?

— Undan keyin.

— Bunga shunday izoh berish mumkin. Siz ong ostida rafiqangiz zarbasini samolyotning yerga kelib urilishi tarzida qabul qilgansiz. Biroq siz aviafalokatdan bir soniya avval uyg‘onib ketasiz, demak, bu holat yana takrorlanishidan cho‘chiysiz, ko‘rgingiz kelmaydi.

— Bu yaxshimi? — tushunmay so‘radim men. — Yoki yomon?

— Bilmadim. Menimcha, chiz nikohingizdan xavotirdasiz.

Qiziqarli izoh!

Hayotim ikkilarga to‘lib ketibdi

Shu payt eshik ortidan kimningdir telefoni jiringlagani eshitildi. Qandaydir musiqa asbobining ovozi. Suhbat 40 daqiqadan buyon davom etmoqda. Juda og‘ir. Birinchidan, bu mening hayotim davomida ruhshunos qabuliga birinchi marta kelishim. Ikkinchidan, men juda sirli odamman, shaxsiy va oilaviy sirlarimni kimlar bilandir bo‘lishish o‘limdan mashaqqat. Yana bunday qaltis mavzuda. Biroq tahririyat topshirig‘iga binoan nimalar qilmaysan! Bosh muharririmiz juda qattiqqo‘l. Xudo ko‘rsatmasin, agar quloq solmasam, qanday jazo qo‘llashini bilib bo‘lmaydi...

Juda qiyinchilik bilan bo‘lsa ham mutaxassis mendan qandaydir detallarni bilib olishga harakat qildi. Suhbat bolalik davrimga ko‘chdi. Onam, bobo-buvilarim, oilam bilan munosabatim... Axir psixoanalitika barcha narsalar bilan qiziqadi!

— Balki, siz menga uyga vazifa berib, qo‘yib yuborarsiz? — hazil qilib so‘radim men.

Biroq mendan yana va yana javob berishimni so‘rashdi: har bir so‘z, har bir assosiasiyamni sinchiklab tekshirishdi!

Suhbat natijasida hayotimda ikki soni bilan bog‘liq bir qancha jihatlar mavjudligini bilib oldim. Ikkita bolam bor. Meni ikki marta uydan haydab yubormoqchi bo‘lishgan (baxtimga urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqqan). Nihoyat ikki yil avval men mana shunday aql bovar qilmas zarbaga uchraganman va ni haligacha unuta olmaganman.

— Xullas, mening kasalim nima?

— Hozircha bilmayman, — degan javobni eshitdim. — Beshta konsultasiyada mag‘zini chaqishga ulguramiz.

Suhbatimiz bir soatcha davom etdi. Negaligini bilmadim-u, biroq markazdan gandiraklab chiqdim. Hissiyotlar g‘alati, biroq ich-ichimdan yengil tortdim. Balki, vaqt topib, kim bilandir gaplashib turish kerakdir?

Keyingi uchrashuvda davom ettiramiz!

Aynan xulosa

«Ikki nuqta» yordam markazi har qanday zo‘ravonlikka uchragan erkaklarga yordam ko‘rsatadi. Shtat jadvalida bir nechta xodimlar mavjud (ular orasida erkaklar ham bor). Bu yerda beshta psixologik va bitta yuridik konsultasiya bepul. Internet yoki telefon orqali qabulga yozilish mumkin. Mutaxassislar siz bilan elektron pochta yoki videomurojaat orqali ham aloqaga chiqishlari mumkin.

— Kimligingiz sir tutiladi, — deya va’da berishadi markazda.

Hozirgi kunda bu yerga o‘ndan ortiq metin iroda vakillari bo‘lmish erkaklar murojaat qilishgan. Ularning deyarli barchasi internet orqali aloqaga chiqishgan. Men qo‘rqmasdan ruhshunos qabuliga uchrashuvga kelgan kam sonli erkaklardan biriman.

Jonli nutq

«Amaliyotga ko‘ra, erkaklar ayollar tomonidan zo‘ravonlikka o‘ylaganimizdan ko‘proq duch kelishadi. Faqat bunday ahvolga tushgan jabrdiydaning ahvoli haqida gapirishi mushkul va uyatli. Qachonlardir kechilgan iztirob har xil oqibatga olib kelishi mumkin: ishdagi muammolardan tortib, fizik va ruhiy holatning yomonlashishigacha».

(Irina CHEY, «Ikki nuqta» ijtimoiy yordam markazi rahbari.)

Xullasi kalom

Mazkur ijtimoiy yordam markaziga borganim xususida turmush o‘rtog‘imga aytmadim. Negadir uyaldim. Chunki mutaxassis menga birinchi konsultasiyadan so‘ng hech qanday xulosa bermadi. Bunday mavzuni xotin bilan muhokama qilib bo‘larkanmi?

Biroq oxir-oqibat biz gaplashib oldik. Ayolim bunday markaz ochilishiga ijobiy qaradi. Yashirin tashrifimga e’tibor ham bermadi. O‘sha hodisani esa hatto eslay ham olmadi. Mana, ayollarning qalbi qanday bo‘ladi! Kechiruvchan, unutuvchan, biz erkaklarnikiga o‘xshamaydi...

 

Kiritildi: 05:12 12.05.2018. O'qildi: 1898 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik