31 yoshli Germaniya fuqarosi Aleksander Gers Ukraina Qurolli kuchlarining 53-alohida mexanizasiyalashtirilgan brigadasida jangovar tibbiyot xodimi bo‘lib xizmat qilmoqda. U frontda uch yildan beri bo‘lib, «Xaski» pozivnoyi bilan tanilgan. Aleksander o‘zining frontdagi tajribasi haqida «Dronlar soyasida» (Im Schatten der Drohnen) nomli kitob ham yozgan.
Aleksander Germaniyada etnik nemislar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. Uning aytishicha, onasi Ukrainadan, otasi esa Rossiyadan. Uning frontga borish qaroriga ham oilaviy kelib chiqishi qisman ta’sir ko‘rsatgan.
«Men bu voqealarni (Rossiyaning keng ko‘lamli urushini — tahr.) shunchaki kuzatib tura olmasdim. Onamning vatani shu yerda ekanini va bu vatan aziyat chekayotganini his qildim», — dedi u DW nashriga bergan intervyusida.
Gers Ukrainaga ilk bor 2012 yilda maktab o‘quvchilari almashinuvi dasturi doirasida kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandayoq ukrainaliklar bilan ruhan yaqinlikni his qilgan va o‘zini «o‘z o‘rnida» ekanini anglagan.
Aleksander Ukrainadagi urush g‘alaba bilan yakunlanguniga qadar xizmat qilish niyatida ekanini bildirgan.
«Ukraina Qurolli kuchlariga qo‘shilganimda, o‘zimga urush tugaguniga qadar qolishimni aytgandim. Rostini aytsam, bu tugashini ancha ertaroq kutgandim. Har yili o‘zimga shu gapni takrorlardim. Hozir esa buning unchalik ma’nosi qolmaganini tushundim. Shunchaki tishni tishga qo‘yib, oldinga harakat qilish kerak», — dedi u.