Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy Qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Kim Yo Jong Janubiy Koreyaning tibbiy yordam ko‘rsatish taklifini keskin qoraladi. U Seulning Pxenyanga tibbiy asbob-uskunalar yuborish niyatini “provokasiya va haqorat” deb baholadi.
Bir kun oldin Janubiy Koreya OAV Seul KXDRdagi kasalxonaga 6,75 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar xayriya qilmoqchiligini yozgan edi. Ushbu uskunalar sanksiyalar ro‘yxatiga kirgani bois, Janubiy Koreya BMTga murojaat qilgan.
May oyida Seul to‘qqiz oylik muddatga ruxsat olingan edi. Uskunalar Xitoy orqali yetkazilishi va bu Pxenyan tomonidan ma’qullanishi kerak edi.
Kim Yo Jong Seulning harakatlarini keskin tanqid qildi.
“Bayonotda Janubiy Koreya kimningdir dori-darmon va tibbiy jihozlar taqchilligi hamda sog‘liqni saqlash ahvolining og‘irlashuvi haqida gapirib, zaif qatlamlar uchun muhim tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni istashini e’lon qildi. Bu bizning davlatimizga nisbatan haqorat, siyosiy provokasiya va milliy qonunlarimizni buzgan holda suverenitetimizga qilingan jiddiy tajovuzdir”, dedi Kim Yo Jong.
U Seulning bu ishini siyosiy hisob-kitobga asoslangan “masxarabozlik” deb atadi. Uning fikricha, Seul bu yordamni rad etishi muqarrar bo‘lgan KXDR fonida o‘zini ijobiy ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Kim Yo Jong uskunalar yetkazilishi haqidagi xabarlar demilitarizasiyalashgan hududdagi portlash hodisasidan keyin chiqqaniga urg‘u berdi.
U Seulning har qanday qadamlari, xoh ochiqdan-ochiq dushmanona, xoh “ezgulik” niqobi ostida bo‘lsin, Pxenyanga qarshi chaqiriq, jiddiy provokasiya va uning suverenitetiga tajovuz sifatida baholanishidan ogohlantirdi.