Bugun 10 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Afrika davlatlari Ukrainadan Rossiyaga aldanib yollangan fuqarolarini harbiy asir emas, odam savdosi qurbonlari deb tan olishni so‘ramoqda

Afrika davlatlari Ukrainadan Rossiyaga aldanib yollangan fuqarolarini harbiy asir emas, odam savdosi qurbonlari deb tan olishni so‘ramoqda

Keniya hukumati Ukrainada asirlikda saqlanayotgan o‘z fuqarolarini vatanga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadining aytishicha, ayrim fuqarolar ishga joylashtirish haqidagi yolg‘on va’dalar orqali Rossiyaga jalb qilingan. Bu tashabbusni Zimbabve va Botsvana ham qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy asirlar lagerlarida kamida 213 nafar xorijlik fuqaro saqlanmoqda. Ularning 37 nafari Afrika davlatlari fuqarolaridir.

Mudavadining bildirishicha, Keniya hozirda besh nafar fuqarosini qaytarish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Ularning eng yoshi 23 da. Keniya prezidenti Uilyam Ruto bu masala yuzasidan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilgan. Avvalroq Botsvana tashqi ishlar vazirligi ham bir nafar fuqarosini qaytarish istagini bildirgan edi.

Afrika davlatlari ayrim fuqarolari Rossiyaga aldanib olib kelingani va keyinchalik harbiy xizmatga majburlanganini ta’kidlamoqda. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ularga haydovchi, qo‘riqchi yoki oshpaz kabi fuqarolik kasblarida ishlash va’da qilingan.

Keniya tashqi ishlar vaziri mamlakat ushbu shaxslarni harbiy asirlar emas, balki «xalqaro odam savdosi qurbonlari» deb tan olishlarini istashini bildirdi. Uning aytishicha, fuqarolar ishga yollash jarayonida yolg‘on va’dalar berilganini ma’lum qilgan.

Vazir taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainadagi urushda taxminan 84 nafar keniyalik halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Yana 34 nafar keniyalik Rossiyada jarohatlaridan davolanmoqda. Umuman olganda, urushda ishtirok etgan 62 nafar Keniya fuqarosi hozirgacha vatanga qaytarilgan.

Ukraina tomoni Rossiya 135 ta mamlakatdan 28 mingdan ortiq xorijlikni harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun yollaganini da’vo qilmoqda. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 5 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan, 51 ta mamlakat fuqarolari esa Ukrainada asirlikda saqlanmoqda.

Rossiya bu ma’lumotlarni rasman tan olmagan. Moskva o‘zining urush olib borish uchun yetarli inson resurslariga ega ekanini ta’kidlab keladi.

Biroq asirlikdagi xorijliklarning vatanga qaytishi murakkab masala bo‘lib qolmoqda. Ukraina ular harbiy asir maqomiga ega bo‘lgani sababli Rossiyada ushlab turilgan ukrainalik asirlarga almashtirilishi mumkinligini bildirmoqda.

Kiritildi: 21:30 09.10.2026. O'qildi: 1383 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!