Urugvay terma jamoasiga qarshi kechgan o‘yinni o‘zgacha ishtiyoq bilan ko‘rdim. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Men kutgan va kutmagan jarayonlar kuzatildi.
O‘yindan oldin ikki xil fikrga ega edim. Agar Oskar Tabarez mazkur o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirsa, vakillarimizda o‘yinda ijobiy natijaga erishish uchun imkoniyat bo‘ladi. Yoki agar urugvayliklar asosiy tarkibda maydonga tushishsa, mag‘lubiyatga uchrashimiz deyarli aniq. Yo‘q, bu pessimistik fikr emas, shunchaki vaziyatga real qarash. Axir Superligada to‘p tepib yurgan futbolchilar bilan “Barselona” va “PSJ” kabi klublarda o‘ynab yurgan futbolchilarning o‘rtasida katta farq bor. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli. Shu bois urugvayliklar asosiy tarkibda tushganini ko‘rib, o‘zimni mag‘lubiyatga ruhan tayyorladim, shuning uchun yirik hisobdagi mag‘lubiyat menga uncha ta’sir qilmadi, qolaversa, bu o‘yindan maqsad g‘alaba qozonish ham emasdi.
Maqsad birinchi navbatda kuchli terma jamoalar bilan o‘ynash an’anasini boshlash. Uzoq muddat o‘ta kuchsiz terma jamoalarni topib kelgan sobiq terma jamoalar markazining sovuq an’anasiga chek qo‘yish edi. Hartugul buni uddaladik. Yaqin-yaqingacha Urugvay kabi terma jamoaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish faqat xayollarimizda edi, xolos. Superligada o‘ynab yurgan futbolchilar, yosh futbolchilar uchun esa Suares va Kavani kabi futbolchilarga qarshi to‘p tepish yaxshigina maktab bo‘lardi.
Endi bevosita o‘yinga to‘xtalsak. Vakillarimiz yomon o‘ynashmadi. Raqib bitta golini penaltidan kiritganini hisobga olsak, himoyamiz ham yaxshi harakat qildi. To‘g‘ri, hayajonlanish haddan ortiq ko‘p bo‘ldi, arzimagan holatlarda to‘pni yo‘qotdik, ammo bu tabiiy. Xudo xohlasa, bu yoshlar hozirdanoq ana shunday jiddiy raqiblarga qarshi o‘ynab, tajriba orttirishsa, yaqin kelajakda Osiyoning istalgan termasiga qarshi bemalol o‘ynaydigan bo‘lishadi. Bugun uchun ularning bunday o‘yinlardan kerakli xulosa chiqara olishiga ko‘maklashuvchi tajribali murabbiy lozim. Qolaversa, bu kabi muhim o‘yinlarni ko‘paytirish kerak.
Temur Kapadze ayni damda bosh murabbiylikka munosib emas. Futbolchilarimiz birinchi bo‘limda yaxshi harakat qilishgandi. Ammo gol o‘tkazib yuborgach, ikkinchi bo‘limda o‘yin susaydi. Mantiqan olib qaralganda esa aksincha bo‘lishi kerak edi. Aftidan, tanaffusda Temur Kapadze mag‘lubiyatni tan olgan va futbolchilarni ikkinchi bo‘limga ruhan tayyorlay olmagan ko‘rinadi. Murabbiy esa aslida raqib kim bo‘lishidan va natija qanday bo‘lishidan qat’I nazar futbolchilarning ruhiyatni oshira olishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, Urugvayga qarshi o‘yin yosh futbolchilarimiz uchun yaxshi maktab bo‘ldi. Keling, ularni tanqid qilmaylik, agar shunday jamoalarga qarshi o‘ynayversak, Yaman, Livan, Ummon kabi qirliklarda yuraverishni to‘xtatamiz va Urugvay kabi katta tog‘larni zabt etishni o‘rganamiz. Bu esa xatolarsiz, hayajonlarsiz va bugungi kabi mag‘lubiyatlarsiz bo‘lmasligi tabiiy. Unutmang, siz bugun Superliga va Yevropa futboli o‘rtasidagi to‘qnashuvni ko‘rdingiz. Bu futbolchilar bizning kelajagimiz, ishonavering.
Nizomjon ISLOMOV