Avval ma’lum qilinganidek, bugun AOKA shtabida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
❓Savol:
— Urganch shahridagi karantin hududida tushunarsiz sabablarga ko‘ra sog‘lom odamlar ham karantinga olingan. Karantin hududida yashash sharoiti o‘ta yomon. Har safar shifokorlar navbatchiligi almashganda ular o‘zlarining yangicha tartib-qoidalarini o‘rnatishadi.
Ovqatlari yaxshi emas. Yuvinish uchun sharoit yo‘q, 5 haftada bir marta cho‘milish imkoni bo‘ldi. Kimdir nimadir talab qilsa, jazolanishi bilan tahdid qilishadi.
Ularga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi aniq bo‘ldi. Karantindagilarni shunchaki ushlab turishibdi. Shtabda hech qanday ma’lumot berilmayapti. Hech qanday dori vositasi yo‘q va hech qanday davolash ishlari olib borilmayapti.
❗️Javob:
— Toshkent Tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga jori yilning 5 aprel kuni Shovot tumani harbiy qismidan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 52 kishi kuzatish uchun ko‘chirildi.
Ular bemor emas va ular uchun maxsus davolash muolajalari shart emas.
Barcha qavatlarda yuvinish xonalari mavjud. 3 mahal ovqat beriladi. Menyu vitamin va mineralarga boy taomlar asosida tuziladi. Oziqalar sifati sanitariya-epidemiolik xizmati tomonidan nazorat qilinadi.