Bugun 22 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

O‘quvchi ta’tilda dam olishi kerakmi yoki o‘qishi?

O‘quvchi ta’tilda dam olishi kerakmi yoki o‘qishi?

Shak yo‘qki, ta’til o‘quvchi dam olishi, kelasi o‘quv yiliga kuch to‘plashi uchun joriy etilgan. Aslida kattalarga nisbatan qo‘llaniladigan “Yaxshi dam — mehnatga hamdam" naqli o‘quvchi bolajonlarga ham taalluqli. Vaqtida dam olgan bola yaxshi o‘zlashtirishga qodir bo‘ladi. Ammo bu omillarni rad etmagan holda aniq ayta olamizki, ta’lim olishda ta’til va tanaffus yo‘q!

Ta’til maktabning talab va tartiblariga amal qilish bo‘yicha o‘quvchiga berilgan damdir. E’tibor bering: talab va tartiblarga, aslo ta’limga emas! Bu degani — ta’tilda imtiyozga ega bo‘lgan o‘quvchi har kuni erta tongdan uyg‘onmaydi, forma kiymaydi, belgilangan soatlarda darsda o‘tirmaydi, uyga vazifani bajarib topshirmaydi. Balki ta’limning ixtiyoriy, individual, o‘ziga moslashtirilgan shaklida ilm olishni davom ettiraveradi.

Kim ta’tilni ko‘chada daydish, o‘rtoqlari bilan sang‘ish, kun bo‘yi yastanib yotish, televizor yoki telefonga mixlanish uchun qulay palla deb tushunsa, yanglishadi va yutqazadi! Vaholanki, ta’til o‘z ustida ishlash uchun zo‘r sharoitdir. Eng a’lochi o‘quvchining ham kamroq biladigan, qiynalib tushunadigan fani yoki mavzusi bo‘ladi. Ta’til esa ana shu kemtikni to‘ldirishga xizmat qilsa, ayni muddao.

Bekor o‘tkazish uchun uch oy yoz juda ko‘plik qiladi. Farzandingizni ortiqcha ayamang, achinmang. Agar chindan ham unga mehribon bo‘lsangiz, ta’limi uchun ko‘proq sarmoya kiriting, bilim darajasini tekshiring, o‘qishini nazorat qiling, yordam bering! Bolam qiynalib qoladi, deb o‘ylamang. Yo‘q, qiynalmaydi. Qiynalsa ham mayli. Ertaga bilimsizlikdan hayot murakkabliklari oldida ojiz qolgandan ko‘ra bugun zahmat chekkani yaxshiroq.

Kiritildi: 05:58 20.07.2025. O'qildi: 798 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!