Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan lavozimda qolar ekan, Rossiya Armanistonga nisbatan savdo-iqtisodiy sohada hech qanday yengillik bermaydi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Konstantin Zatulin ma’lum qildi.
Rossiya OAVlari Moskva Yerevan bilan savdo-iqtisodiy aloqalarga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi mumkinligi haqida xabar berdi. Ular orasida ikki davlat o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini cheklash, transport qatnovlarini qisqartirish, energiya resurslari narxlarini oshirish, Armaniston mahsulotlari importini yanada kamaytirish, shuningdek, Rossiyada ishlayotgan Armaniston fuqarolarini deportasiya qilish kabi choralar tilga olinmoqda.
«Men deportasiya bilan bog‘liq qandaydir choralarni qo‘llashga sabab bo‘lishini istamayman, chunki bu odamlarga daxl qiladi. Faqat shuni aytishim mumkinki, savdo-iqtisodiy aloqalarning yomonlashuvi Armaniston hukumatining siyosati bilan chambarchas bog‘liq. Ular avvalgi ittifoqlarga xiyonat qilib, bizning raqiblarimiz bilan ittifoq tuzishni rejalashtirmoqda.
Vaqti-vaqti bilan aloqalar bo‘lib turganiga qaramay, Pashinyan hokimiyatda ekan, hech qanday yengillik bo‘lmaydi. Albatta, Pashinyanning siyosiy kursiga ta’sir o‘tkazish mumkin. Aks holda u uchrashuvlarga intilmagan va Rossiya bilan munosabatlar saqlanib qoladigandek tasavvur uyg‘otishga urinmagan bo‘lar edi.
Shu bilan birga, janob Simonyan Rossiyada yangi safarbarlik e’lon qilingan taqdirda Armaniston ko‘chib keluvchilarni qabul qilishini aytmoqda. Pashinyanning o‘zi esa Armanistonning KXSHTdan chiqarilishidan faqat xursand bo‘lishini bildirgan.
Shundan keyin bizdan qandaydir masalalarda yon berishni talab qilishga faqat shantajchi urinishi mumkin. Biz esa Armaniston tomonidan bo‘ladigan shantajga aslo berilmaymiz», — dedi Zatulin.
Deputat Zatulin, shuningdek, Rossiyaning talablariga qaramay, Nikol Pashinyan Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazmasligini qo‘shimcha qildi.