Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida “O‘zbekiston-2030” strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur tadbir Pekin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Mo‘g‘ulistonning yetakchi ilmiy, akademik, ekspert-tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilganlarga “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, ustuvor yo‘nalishlari hamda belgilangan eng muhim maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi. Jumladan, taqdimotda onlayn ishtirok etgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Strategiyaning 2030 yilgacha mamlakatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan muhim hujjat sifatidagi ahamiyati, xususan, barqaror va inklyuziv o‘sishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, o‘rtacha daromaddan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shishga qaratilgan uzoq muddatli rivojlanish dasturi ekanligini qayd etdi.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakat qisqa vaqt ichida ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish, iqtisodiy o‘sish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish sohalarida o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yganligini e’tirof etishdi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy aloqalari va bugungi kunda barqaror taraqqiyot yo‘lidagi do‘stona munosabatlari haqida ham to‘xtalishdi.