Bugun 22 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Ukrainada Rossiyaning yozgi hujumi boshlangan zahoti depsinib qoldi — Estoniya razvedkasi

Ukrainada Rossiyaning yozgi hujumi boshlangan zahoti depsinib qoldi — Estoniya razvedkasi

Estoniya harbiy razvedkasiga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukraina sharqidagi yozgi hujumi strategik muvaffaqiyatlarga erisholmasdan, yirik yo‘qotishlar ortidan taktik darajadagi mahalliy to‘qnashuvlarga aylangan. Rossiya fuqarolik ob’ektlariga havo zarbalarini ko‘paytirmoqda.

Estoniya Mudofaa kuchlari razvedka markazi rahbari polkovnik Ants Kiviselgning bildirishicha, Rossiyaning ikki oydan beri davom etayotgan «katta yozgi ildamlashi» Ukraina sharqida ko‘zga ko‘rinarli natijalar bermayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining kuchli mudofaasi Rossiya armiyasini oldinga siljishdan to‘xtatgan va bu urush mahalliy, taktik darajadagi janglarga aylangan.

Kiviselgning ta’kidlashicha, Rossiya har kuni o‘rtacha 150–160 marta shturm urinishini amalga oshirmoqda, ammo front chizig‘ida sezilarli o‘zgarish yo‘q. Asosiy zarbalar Donesk oblastidagi Pokrovsk yo‘nalishiga qaratilayotgani ma’lum qilindi — bu yerda barcha janglarining yarmidan ko‘pi sodir bo‘lmoqda.

Sumi oblastidagi vaziyat haqida gapirgan Kiviselg Rossiyaning bu yerdagi hujumlari Ukraina armiyasining faol mudofaasi sabab to‘xtab qolganini qayd etdi. Garchi avval Rossiya ma’muriy yutuqqa erishgan bo‘lsa-da, hozirda hujumlar amalda to‘xtagan.

Estoniya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya o‘z strategik maqsadlaridan voz kechmagan, biroq Ukraina armiyasi bosimni samarali tarzda nazorat qilib, dushmanning keng ko‘lamli hujumlarining oldini olyapti. Bu Rossiyaning hech bir frontda sezilarli prorivga erisholmayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Kiviselg Rossiya tomonidan tinch aholiga qarshi havo zarbalari soni keskin oshganini ham alohida ta’kidladi. Ilgari bunday holatlar alohida misollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu taktikaga aylandi.

«Bu shundan dalolat beradiki, Rossiya frontdagi muvaffaqiyatsizlikni fuqarolik ob’ektlariga hujum qilib, aholiga psixologik bosim o‘tkazish orqali qoplamoqchi», — dedi u.

Kiritildi: 18:21 21.06.2025. O'qildi: 1407 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!