Politico nashrining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha birinchi muzokaralar klasteri 15 iyun kuni ochilishi mumkin.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Lyuksemburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo konferensiyada a’zolik muzokaralarining birinchi bosqichini boshlash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning ta’kidlashicha, Vengriya Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi bo‘lib kelgan pozisiyasini yumshatgan, bu esa Ukraina va Moldova uchun rasmiy muzokaralarni boshlash imkoniyatini yaratmoqda.
Biroq Vengriya rasmiylari mazkur masala bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini va tomonlar o‘rtasida to‘liq kelishuvga erishilmaganini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi elchilari Ukraina tomonidan taqdim etiladigan ichki islohotlar rejasi hamda milliy ozchiliklar huquqlariga oid takliflar bilan tanishgach, o‘z pozisiyalarini shakllantiradi.
Evropa Ittifoqiga a’zolik muzokaralarini boshlash uchun tashkilotga a’zo barcha 27 davlatning bir ovozdan roziligi talab etiladi. Shu bois har qanday davlat jarayonning istalgan bosqichida muzokaralarni to‘xtatib turish imkoniyatiga ega.