Ukraina urushida halok bo‘lgan 186 mingdan ortiq rossiyalik harbiyning shaxsi tasdiqlandi, ularning uchdan bir qismi ko‘ngillilardir.
Bu haqda “BBC Rus xizmati” va “Mediazona” nashri jurnalistlari ochiq manbalar asosida o‘tkazilgan surishtiruv natijasiga ko‘ra ma’lum qildi.
Aniqlangan ismlar soni so‘nggi bir oy ichida 20 mingtaga oshgan. Biroq bu rekord darajadagi o‘sish frontdagi hozirgi vaziyat bilan emas, balki avval to‘plangan ma’lumotlarni qayta tekshirish va taqqoslash ishlari bilan bog‘liq.
Tadqiqot doirasida e’lon qilinayotgan ta’ziyanomalar o‘rganilib, bedarak yo‘qolganlar haqidagi barcha xabarlar yig‘ib borilmoqda. So‘nggi bir oy davomida bir necha yil mobaynida to‘plangan ma’lumotlar davlat ochiq ma’lumotlar bazalari meros ishlari reestri ro‘yxatlari bilan solishtirildi. Ushbu reestr shaxsning vafot etganini bilvosita tasdiqlovchi manba hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ko‘ngillilar ulushi o‘sishda davom etmoqda. Ayni paytda ular barcha tasdiqlangan yo‘qotishlarning 33 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, aniqlangan ko‘ngillilarning yarmidan ko‘pi so‘nggi bir yarim yil ichida halok bo‘lgan.
Jurnalistlarning ma’lum qilishicha, Rossiya tomonining haqiqiy yo‘qotishlari ochiq manbalar orqali aniqlanayotgan raqamlardan ancha yuqori. AQShdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) bahosiga ko‘ra, Rossiya 2022 yil fevralidan buyon jami 1,2 milliongacha odamni yo‘qotgan, shundan 325 ming nafari halok bo‘lgan.