Bild nashrining xabar berishicha, Ukraina harbiylari granatomyotlar, portlovchi moddalar va hatto tankka qarshi qurollar bilan jihozlangan jangovar robotlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Oktyabr oyi oxirida Liman shahri yaqinida robotlar piyodalar hamrohligisiz Rossiya pozisiyalariga hujum uyushtirgan.
Rossiya propagandasi bilan bog‘liq harbiy Telegram-kanallarda mazkur hujum muvaffaqiyatsiz bo‘lgani haqida xabarlar tarqatilgan. Ularda dronlar robotlarni nishonga olgani va barchasi yo‘q qilingani aytiladi. Biroq bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q. Shunga qaramay, Ukraina tomonidan amalga oshirilgan hujum urush jarayoni tobora robotlashtirilayotganini ko‘rsatadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday robotlarning uchuvchi dronlar bilan o‘zaro hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Havodagi dronlar yer usti robotlari uchun “ko‘z” vazifasini bajaradi, ularning harakatini boshqaradi va hatto front ortiga olib o‘tishi mumkin.
Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida yer usti robotlari logistika va evakuasiya bilan bog‘liq 31 398 ta amaliyotni bajargan. Yanvar oyida esa bu ko‘rsatkich atigi 7 511 tani tashkil etgan.
Hozircha robotlarning aksariyati bevosita jangovar harakatlarda qatnashmayapti. Ular asosan yuk tashish, yaralangan va halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarni evakuasiya qilish uchun ishlatilmoqda.