Ukraina Rossiya bilan urush yakunlanganidan keyin ham 800 ming kishilik armiyasini saqlab qolish uchun G‘arb davlatlaridan kamida 10 yillik moliyaviy yordam olishni istamoqda.
AFP agentligining yuqori martabali ukrainalik manbaga tayanib xabar berishicha, mazkur masala Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar fonida ko‘tarilgan. Kiyev kelajakda ehtimoliy harbiy tahdidlarga qarshi turish uchun yirik armiyani saqlashni rejalashtirmoqda.
Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2027 yilda mamlakat mudofaa ehtiyojlari uchun 175 milliard dollar talab etilishi mumkin. Biroq byudjet loyihasida hozircha 100 milliard dollar atrofida mablag‘ nazarda tutilgan.
Shu tariqa, harbiy xarajatlar bo‘yicha moliyaviy ehtiyoj va rejalashtirilgan mablag‘ o‘rtasidagi farq 75 milliard dollarga yetadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 175 milliard dollarlik yillik xarajat bir kunga qariyb 480 million dollardan to‘g‘ri keladi.
Kiyev G‘arbning uzoq muddatli ko‘magini kelajakdagi xavfsizlik kafolatlarining muhim qismi sifatida ko‘rmoqda. Biroq bunday moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgani hozircha ma’lum emas.