Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘nggi haftalarda G‘arb yetakchilariga taqdim etgan g‘alaba rejasi harbiy, iqtisodiy, diplomatik va siyosiy qadamlarni o‘z ichiga olgan batafsil strategiyadir. Bu haqda prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak 14 oktyabr kuni The Wall Street Journal nashriga bergan izohida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadamlar orasida Ukrainaga ko‘proq uzoq masofaga uchuvchi raketalar, jumladan ATACMS va Storm Shadow berish va ularning Rossiyadagi harbiy nishonlarga zarba berishiga ruxsat berish so‘rovi bor.
Podolyakning ta’kidlashicha, bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning "hisob-kitoblarini o‘zgartirishi" va mamlakatda ichki bosimni oshirishi, shuningdek, frontda Rossiya kuchlarini zaiflashtirishi mumkin.
26 sentyabr kuni Zelenskiy Vashingtonda AQSh prezidenti Jo Baydenga Ukrainaning g‘alaba rejasini taqdim etdi. Ushbu rejaning batafsil mazmuni oshkor etilmagan, ammo Ukraina prezidenti uning birinchi bandi "Evropada geosiyosiy aniqlik yetishmovchiligi muammosi"ga tegishli ekanligini aytgan. 10-11 oktyabr kunlari Zelenskiy Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya yetakchilariga rejani taqdim etdi.