Kiyev dronlari Rossiyaning Perm o‘lkasi va Orenburg viloyatidagi sanoat ob’ektlariga zarba berdi.
Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxoninning ma’lum qilishicha, dron munisipal okrugdagi "sanoat maydonchalaridan biriga" kelib tushishi oqibatida yong‘in chiqqan. Garchi rasmiylar ob’ekt nomini ochiqlamagan bo‘lsa-da, mahalliy manbalar va "Astra" nashri dronlar Permdagi neftni qayta ishlash zavodiga yo‘naltirilganini xabar qilmoqda. Shahar uzra quyuq tutun ko‘tarilgani aytilyapti.
Shuningdek, Orenburg viloyati rahbari Yevgeniy Solnsev ham bir nechta sanoat korxonalari hujumga uchraganini tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Orsk shahridagi "Orsknefteorgsintez" neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilingan. Hozircha qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q, ishchilar esa evakuasiya qilingan.