Bugun 11 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ukraina chegarasi yaqinida 11 mamlakat harbiylari ishtirokida harbiy mashg‘ulot o‘tkaziladi

Ukraina chegarasi yaqinida 11 mamlakat harbiylari ishtirokida harbiy mashg‘ulot o‘tkaziladi

9 noyabr, dushanba kuni Polshada “Ko‘ngillilar koalisiyasi”ning ilk qo‘shma harbiy mashqlari boshlanadi. Fransiya Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 22 noyabrga qadar davom etadigan mashg‘ulotlarda Germaniya ham kiruvchi 11 mamlakatdan qariyb 2800 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etadi.

AFP agentligining qayd etishicha, Germaniya mashg‘ulotlarga shtabning o‘n nafarga yaqin ofiserini, havoda yonilg‘i quyish samolyotlarini va moddiy-texnik ta’minot bo‘linmalarini yuboradi. Shuningdek, Germaniya o‘z hududi orqali harbiy xizmatchilar va ta’minot yuklarini tashishda logistik yordam ko‘rsatadi.

Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarligida o‘tkazilayotgan “Ko‘ngillilar koalisiyasi” mashqlarining asosiy maqsadi Ukrainada urush tugaganidan keyin mamlakatning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishdan iborat.

Ushbu ikki mamlakat mashg‘ulotlarga eng ko‘p sonli harbiy kontingentni yuboradi. Xususan, Fransiyadan 1100 nafar, Buyuk Britaniyadan esa 300 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etadi.

Aviasiya va quruqlikdagi harbiy bo‘linmalar ishtirokidagi mashg‘ulotlar Polshaning janubi-sharqidagi Nova-Demba shahri atrofida, Ukraina chegarasidan taxminan 100 kilometr masofada bo‘lib o‘tadi.

Mashqlarning ayrim qo‘mondonlik-shtab elementlari Fransiyada, Parij shahrida joylashgan Ukraina uchun ko‘p millatli kuchlar (Multinational Force Ukraine, MNF-U) shtabida ham o‘tkaziladi.

Mashg‘ulotlarning dengiz bilan bog‘liq qismi esa Turkiya rahbarligida Istanbuldan turib amalga oshiriladi. Unda Qora dengizda xavfsizlikni ta’minlash va minalardan tozalash operasiyalari modellashtiriladi.

Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniyadan tashqari, mashg‘ulotlarda Belgiya, Estoniya, Litva, Niderlandiya, Polsha, Ispaniya, Shvesiya va Turkiya ham ishtirok etadi.

Kiritildi: 13:44 09.11.2026. O'qildi: 1898 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik