Evropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionatidagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish rejalarini tanqid qildi, deb xabar bermoqda ESPN.
The Telegraph va The Financial Times 28 iyul kuni FIFA Jahon chempionatini nazorat qiluvchi yangi kompaniyadagi taxminan 20–30 foizlik ulushni sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Ehtimoliy bitim summasi 20 milliard dollarga baholanmoqda.
"Bu futbolni boshqaruvchi institutlar hech qachon bosib o‘tmasligi kerak bo‘lgan chiziqdan o‘tishdir. UEFA bunga juda jiddiy munosabatda. Bu barcha milliy futbol assosiasiyalariga ham tegishli.
Shuningdek, barcha manfaatdor tomonlarga, ligalar, klublar, o‘yinchilar, muxlislar, hukumatlar va o‘yin kelajagiga befarq bo‘lmaganlarning barchasiga tegishli. Futbolning ruhi va boshqaruvi savdo qilinadigan aktiv emas, ayniqsa moliyaviy manfaatni kim olayotgani bo‘yicha shaffoflik nolga teng bo‘lgan bir vaziyatda", — deyiladi UEFA bayonotida.
UEFA shuningdek, "Hech birimiz futbolning egasi emasmiz va FIFA uni sotish huquqiga ega emas", — deya ta’kidlagan.