Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlarining Moskva bilan muzokaralarni boshlashdan avval o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi takliflarini «ultimatum»ga tenglashtirdi.
Lavrov bu haqda Rossiya davlat teleradiokompaniyasi VGTRKga bergan intervyusida Ukraina bo‘yicha ehtimoliy muzokaralarni qayta tiklash shartlariga munosabat bildirar ekan aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb avval o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilish, keyin esa Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarligidagi ko‘p millatli kuchlarni Ukrainaga joylashtirish, shundan keyingina Rossiya, Ukraina, AQSh va Yevropa davlatlari ishtirokida muzokaralarni boshlashni taklif qilmoqda. Lavrovning ta’kidlashicha, Moskva bunday ssenariyni ultimatum sifatida baholaydi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri, shuningdek, hozirgi front chizig‘ida janglarni to‘xtatish amaldagi Ukraina hokimiyatini saqlab qolishga xizmat qilishini aytdi. Uning fikricha, Kiyev Rossiya bosib olgan Ukraina hududlarida o‘tkazilgan referendumlar natijalarini tan olmaydi.
Lavrov yana G‘arb davlatlarini Rossiyaga «strategik mag‘lubiyat» yetkazishga intilayotganlikda ayblab, ular Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali uni qo‘llab-quvvatlayotganini bildirdi. Shuningdek, u Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiyaga qarshi «asosiy jangovar kallaklar» deb atadi.