Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakatimiz soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyasiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda.
–Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq “signal” bo‘lishi kerak.
Eng katta xavf – pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir.
Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin, – dedi Prezident.
O‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Ya’ni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.