Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

To‘y – bir kunlik, “jarohati” bir umr tuzalmayapti

To‘y – bir kunlik, “jarohati” bir umr tuzalmayapti

Bir holatni barchamiz kuzatganmiz: qo‘ng‘iz o‘zidan bir necha barobar katta guvalakni tepalikka olib chiqishga chiranadi. Ming bir mashaqqat bilan surib ketilayotgan guvalak oxir-oqibat ortga yumalab, qo‘ng‘izni bosib qoladi. Jonivor halok bo‘lmasa-da, oyog‘idan, “qo‘li”dan ayrilishi yoki nogiron bo‘lib qolishi mumkin.

Bu biroz qo‘polroq o‘xshatish bo‘lsada, ammo bugun to‘ylarda urchiyotgan dabdababozlikka, isrofgarchilikka aynan mos tushadi. Yillar davomida misqollab yig‘gan mablag‘ini yoki “otdan qolma, eshagim” qabilida ish tutib, qulog‘igacha qarzga botib to‘y qilayotgan oila boshliqlari, ming afsuski, aqlga ham, mantiqga ham, shariatga ham sig‘maydigan bir kunlik “orzu-havaslar”ning qurboniga aylanishib, bir umrlik azob-uqubatga giriftor bo‘lishyapti.

Jamiyatda ildiz otayotgan bu illatlar qachon paydo bo‘ldi, bunga kimlar va qaysi omillar sabab bo‘lyapti?

Bizni kemirguvchi illatlar

Odamzod har doim ezgu niyatlar, ulkan maqsadlar og‘ushida yashab, xayrli tilaklarining ro‘yobga chiqishini Yaratgandan so‘rab yashagan... “Ezgu niyat”, “ulkan maqsad” faqat o‘g‘il uylantirib, qiz uzatishdangina (!) iborat emas. Afsuski, bugun dabdaba bilan to‘y qilish, as’asa bilan aza marosimlarini o‘tkazish aksariyatimizning umrimiz mazmuniga aylanib ketdi. Bu yo‘lda chekilgan zahmatlar, mehnatu mashaqqatlar, sa’y-harakatlar farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga sarflansa edi, ishoning, bugun safimizga yana buxoriylar, termiziylar, ibnsinolar, beruniylar, xorazmiylar, navoiylar, ulug‘beklar qaytgan bo‘lardi...

Dinimiz ta’limotlariga mutlaqo zid, taraqqiyotimizga tushov, kelajagimizga g‘ov bo‘layotgan to‘y-ma’rakalardagi, ta’ziyalardagi dabdabalar, isrofgarchiliklarning haddi-hisobi, chek-chegarasi yo‘q...

Behisob shukrki, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda! Lekin ayrimlarning to‘qlikka sho‘xlik qilib, dabdabaga berilayotgani yuz xil jilva bilan hayotimizni izdan chiqarib, faqatgina muammolarni chiqarmoqda.

Ilohiy qonunni buzishga hech kimning haqqi yo‘q!

Mutaxassislar Yangi Zelandiyada ko‘ngilli olti ming oila o‘rtasida sinov-tajriba (eksperiment) o‘tkazishibdi. Uch mingta oilaga erkaklarni, qolgan yarmiga esa ayollarni oila boshlig‘i qilib tayinlashibdi. Oila rahbarlarining aytgani – aytgan, degani – degan bo‘lish sharti ostida. Oradan 12 kuncha vaqt o‘tgach, tekshirib ko‘rishsa, erkaklar boshliq bo‘lgan xonadonlarda oila a’zolarining bir-biriga mehr-oqibati kuchayib, farzandlarning ta’lim-tarbiyasi sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgarib, farog‘at qasrining mustahkam poydevori o‘rnatilibdi. Ayollar boshliq bo‘lgan oilalar esa inqirozga uchrab, xonadon a’zolari o‘rtasida asab kasalliklari, infarkt (yurak xurujlari), insult (miyaga qon quyilish) holatlari ko‘payib ketibdi. Ta’lim-tarbiya izdan chiqibdi.

Xo‘sh, nega shunday bo‘lgan? Sababi – ilohiy qonun buzildi. Bejiz Alloh taolo “Niso” (Ayollar) surasida: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”(34-oyat), deb marhamat qilmagan.

Erkak zotining ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar mujassam. Tafsirlarda, jumladan, quyida shar’iy nuqtai nazardan erkaklarga xos xususiyatlar qayd etilgan: payg‘ambarlik, rahbarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imomlik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, Vatan himoyasi, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oila nomini unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish va boshqalar. Shu va boshqa jihatlarini hisobga olib, ayol kishining eriga nisbatan itoatli, himoyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi diyonat jihatidan talab etilgan.

Demak, Alloh taolo joriy qilib qo‘ygan ilohiy qonun – oilada erkakning rahbar bo‘lishiga monelik qilishga hech kimning haqqi yo‘q ekan!

“Hayot formulasi”

Oddiygina, hamma biladigan bir formula bor. Buni anglab yetish uchun katta iqtidor yoki noyob iste’dod talab etilmaydi. Buni, ta’bir joiz ko‘rilsa, “hayot formulasi” deyish ham mumkin. Dono xalqimiz nafaqat har bir iborasida, hatto har bir so‘zida ham hamma narsani o‘z joyiga, o‘z o‘rniga munosib (!) qo‘yib kelgan:

  • yigit – qiz yoki aksincha: qiz – yigit (til qoidasiga ko‘ra, tire (–) bilan berilyapti. Chunki bu ikkalasi juft so‘z emas);
  • kelin-kuyov (kelinga ehtirom bor);
  • er-xotin (oila qurilgandan keyin);
  • ota-ona (farzandli bo‘lgandan keyin);
  • chol-kampir yoki bobo-buvi(nabirali bo‘lgandan keyin).

Agar diqqat bilan e’tibor bersak, turmush qurilguncha xalqimizning hatto talaffuzida hamayol bilan erkakni ifoda etuvchi so‘zlarini o‘rinlari ahamiyatsiz, xar xil. Lekin oila tuzilgandan keyin esa birinchilik fakat erkak(!) kishini zimmasida! Shuning uchun ham dono xalqimiz erkak kishini ifodalaydigan so‘zini ayol ni ifoda etuvchi so‘zdan oldin (!)aytadi – ER-xotin, OTA-onaCHOL-kampir yoki BOBO-buvi deb. Oqimga qarshi suzgan kishi cho‘kkanidek, qonun-qoidalarga zid ish qilgan kishi, albatta, pand yeydi. “Hayot formulasi”ni buzgan, ya’ni ayol erkakdan oldinga o‘tib ketsa yoki ikkalasining o‘rni almashsa ham, oilalar barbod bo‘ladi. Bir dona gugurt butun boshli o‘rmonni kulga aylantirganidek, oilalarning inqirozga uchrashi – jamiyatga, jamiyatning tanazzulga yuz tutishi – davlatga juda katta zarar keltirishi turgan gap.

Dinimiz nima deydi?

Odamlarimizning o‘zlarining aytishlariga, Idoramizga xatlar orqali kelayotgan nolalarga, fuqarolarimizdan bo‘layotgan turli mavzudagi arz-dodlarga qaraganda, to‘ylardagi dabdabalar asosan oilada “rahbar” bo‘lgan ayollarning “tashabbuslari” bilan amalga oshmoqda.To‘y va marosimlar dabdabasi, soxta maqtovlar, mahallalardagi duv-duv gaplar har qancha chiroyli ko‘rinmasin bu – avvalo katta isrof, dinimizga yot tushunchalardir. Qur’oni karimda: “Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!Chunki isrofgarlar – shaytonlarning birodarlaridir”(Isro surasi, 26–27-oyatlar), deb marhamat qilingan.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Kim tejamli bo‘lsa, qashshoqlik ko‘rmaydi”, – deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

To‘ylar, ma’raka-marosimlarda “besh xil, ba’zan yetti xil taom tortilishi kerak” degan tushunchalar ko‘pchiligimizning qorin g‘amiga mukkasidan ketganimizdan darak emasmikan? Aslida ortiqcha ovqat yegan yoki ichimlik ichgan odamning tanasi og‘irlashadi, toat-ibodatida halovat yo‘qoladi, mehnat qilishga malollanib qoladi.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Odamzod qorindan ko‘ra yomon biror idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga gavdasini tik tutishga bir-ikki luqma ozuqa yetadi. Agar ko‘proq yegisi kelsa, unda oshqozonining uchdan biri ovqatga, uchdan biri ichimlikka, uchdan biri havoga to‘ldirilishi kerak” – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bobolarimiz oilasi ehtiyojidan ortsa, qo‘ni-qo‘shnisi, yordamga muhtoj kishilar bilan baham ko‘rishgan. Mashoyixlar: “Yaxshilik qancha ko‘p qilinsa ham, isrof bo‘lmaydi. Ammo isrofning zarrasi ham – haromdir” deb ta’kidlaganlar.

Epli kelin – sepli kelin!

Inson baxtli hayot kechirishi uchun ikki narsa: ma’naviy va moddiy ta’minoti yetarli bo‘lishi kerak. Moddiy tomonini o‘ta “oliy” darajada taklab qo‘yapmiz – kelin-kuyovlar uchun “orzu-havas” deb, millionlab mablag‘ sarflab, 5-6ta KamAZga sig‘adigan mebellar, 7 uxlab emas, 77 uxlab ham tushimizga kirmagan uy jihozlarini olib beryapmiz... Lekin baxtli hayot uchun kerakli bo‘lgan ikkinchi narsa-chi? Sharqona odob, oiladagi munosabatlar odobi, kelin-kuyovlarning burch va vazifalari, din-diyonat masalalari, ibo, xayo, so‘zlashish odoblari, salom berish odoblari, ota-ona, qaynota-qaynonaga munosabat odoblari, milliy qadriyatlar – bular baxtli hayot uchun kerakli bo‘ladigan ikkinchi narsa. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinkim, shu narsalardan kelin-kuyovlarimizga taqdim etayoganimizni hisoblab ko‘rsak, yosh bolachalarning uch g‘ildirakli velosipedini yuk qo‘yadigan joyiga qo‘ysak, yana ancha joy ortib ham qoladi.

Mebellar, uy jihozlari, boshqa moddiy narsalar har qancha zo‘r va ko‘rkam bo‘lmasin, vaqt o‘tib eskirishi, boringki, modadan qolib ketishi mumkin. Lekin bebaho va betakror ma’naviy merosimiz – milliy va diniy qadriyatlarimizni o‘z ichida saqlab kelayotgan kitoblar har doim zarur va hech qachon modadan qolmaydi.

“Mo‘min-musulmon odam, – So‘fi Olloyor hazratlari aytganlaridek, – biror ulug‘ kishining emas, balki Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalariga rioya qilishi shart. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham ota bo‘lganlar, U Zot ham qiz chiqarganlar. U Zot ham qizlarining sepiga ro‘zg‘or uchun zarur narsalarni qo‘shganlar. Xazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir (xushbo‘y o‘simlik)solingan bolishni jihoz(sep)qilib berdilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Tasavvur qilyapsizmi, butun koinot, butun borliq hurmati uchun yaratilgan Zot – Muhammad sallallohu alayhi va sallam jannatiy ayollarning sayyidasi, qizlari Fotima raziyallohu anhoning sepiga nimalar qo‘shganlarini?!

Qayoqqa ketyapmiz, kimga taqlid qilyapmiz?

Yaqinda “O‘zbekiston” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan “Munosabat” ko‘rsatuvini oynai jahon orqali barchamiz tomosha qildik. Bu yil birinchi sinfga borgan farzandini karnay-surnay sadolari ostida maktabga kuzatib qo‘ygan oila boshliqlarini, to‘ylarda muqaddas dinimizga mutlaqo zid, o‘zbekona odatlarimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan qiliqlar qilayotgan yoshlarni, kimo‘zarga marosim qilayotgan kishilarni ko‘rib, ochig‘i, uyalib ketdim. Negaki, bu ko‘rsatuvni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki sun’iy yo‘ldosh orqali butun dunyo ko‘rdi... To‘y qilaman, deb oilasidan olisda, musofir yurtlarda duch kelgan qora mehnatni bajarayotgan yurtdoshlarimizga rahmim keldi.

Nafsilamrni aytganda, as’asayu dabdabalar, uzundan-uzun mashinalar karvoni, shovqin-suronlar, g‘at-g‘utlar, “sevgi tarixi”, “kuyovning qaynona og‘ziga tort tutishi”, ersiragan qizlardey kelin otgan gullarni talashib tutishlar, hisobsiz tog‘oralar, hech qachon hech kim egniga ilmaydigan sarpo-suruqlar, madaniyatining asli yo‘qlarga aqlsiz taqlidlar... hammaning joniga tegdi. Chunki bular hammasi Xudo uchun emas, balki riyo (!) uchun, xo‘jako‘rsin (!) uchun bo‘lgani sababli odamlar bezor bo‘lishdi!

Xo‘sh, bu bachkana odatlar qayerdan kirib kelyapti? Qanday urf bo‘lyapti? Menimcha, bunday bema’ni qiliqlar telekanallar orqali namoyish etilayotgan bema’no chet el seriallari orqali yoshlar ongiga singdirilyapti. Bunga qat’iy chora ko‘rilmasa, milliy an’analarimizdan ajralib, yoshlarni ham boy berib qo‘yamiz. Yoshlar boy berildimi, demak, kelajagimizni qo‘sh qo‘llab birovlarga topshirgan bo‘lamiz.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Manba: uza.uz

Kiritildi: 06:18 09.10.2019. O'qildi: 2536 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!