Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Turkiyaning yangi qurilmasi bir necha soniyada 51 ta dronni ishdan chiqardi

Turkiyaning yangi qurilmasi bir necha soniyada 51 ta dronni ishdan chiqardi

Turkiyaning Aselsan mudofaa sanoati kompaniyasi uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashishga mo‘ljallangan Ejderha tizimini sinovdan o‘tkazdi. Sinov davomida qurilma bir necha soniya ichida 51 ta dronni bir vaqtning o‘zida ishdan chiqargani ma’lum qilindi.

Anadolu agentligining xabar berishicha, mazkur sinov kompaniya tashkil etilganining 51 yilligi munosabati bilan Gyolbekdagi Aselsan o‘q otish va sinov markazida o‘tkazilgan.

Ejderha tizimi yuqori quvvatli elektromagnit nurlanish (HPEM) texnologiyasi asosida ishlaydi. Qurilma vakuum elektronikasi yordamida kuchli elektromagnit to‘lqinlar hosil qilib, uchuvchisiz apparatlarning elektron tizimlarini ishdan chiqarishga mo‘ljallangan.

Sinovning birinchi bosqichida Ejderha taxminan bir kilometr masofada joylashgan, kabel orqali boshqariladigan ikki xil dronni muvaffaqiyatli zararsizlantirgan.

Ikkinchi bosqichda esa bir vaqtning o‘zida 51 ta uchuvchisiz uchish apparati havoga ko‘tarilgan. Ko‘p sonli tahdidlarga qarshi harakat qilish ssenariysi asosida o‘tkazilgan ushbu sinovda Ejderha barcha dronlarni bir necha soniya ichida ishdan chiqargan.

Aselsan bosh direktori Ahmet Akyol mazkur natijani mudofaa texnologiyalari sohasidagi muhim yutuq sifatida baholadi.

"Aselsan kompaniyasining Ejderha tizimi birorta raketa uchirmasdan va hech qanday o‘q-doridan foydalanmasdan, faqat bitta tugmani bosish orqali 51 ta dronni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi birinchi tizimga aylandi.

Kuchli elektromagnit to‘lqinlar tufayli Ejderha zamonamizning eng katta tahdidlaridan biri hisoblangan dronlarga qarshi kurashishdagi eng samarali tizimlardan biriga aylandi", — dedi Akyol.

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, mazkur texnologiya allaqachon amaliy foydalanish bosqichiga o‘tgan va uni seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

"Ejderha mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘sha oladigan texnologik darajaga yetdi.

Biz bunday texnologiyalarni ishlab chiqishni davom ettiramiz. Mamlakatimiz kelajakka ishonch bilan qarashi uchun yuqori texnologiyalarga sarmoya kiritishni qat’iyat bilan davom ettiramiz", — deya qo‘shimcha qildi Aselsan bosh direktori.

Kiritildi: 23:39 15.11.2026. O'qildi: 500 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik