Turkiya o‘z madaniy merosini himoya qilish va barqarorligini ta’minlash uchun milliy tashabbuslarni va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirmoqda. 2025 yil 6-16 iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon merosi qo‘mitasining 47-sessiyasida 2013 yildan beri YUNESKOning vaqtinchalik ro‘yxatida bo‘lgan Sardis va Bintepe Lidiya tepaliklari rasman YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Manisa viloyati g‘arbidagi ushbu ob’ektning ro‘yxatga qo‘shilishi bilan Turkiyadagi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatidagi ob’ektlar soni 22 taga yetdi.
Bir paytlar Lidiya poytaxti bo‘lgan Sardis qudratli temir davri sivilizasiyasi bo‘lib, nafaqat boyligi va dastlabki tangalar ishlab chiqarishi bilan mashhur bo‘lgan, balki Onado‘lining boy o‘tmishidan dalolat beradi. Qirollik nekropoli bo‘lgan yaqin atrofdagi Bintepeda dunyodagi eng katta tumullar (qabr yoki qabrlar ustiga ko‘tarilgan tuproq va toshlardan iborat tepalik) joylashgan. Mazkur hudud Onado‘lidagi Lidiya sivilizasiyasining betakror mahalliy madaniyatini aks ettiruvchi nodir arxeologik va me’moriy dalillar tufayli YUNESKO mezoniga (III) muvofiq tan olingan. Ushbu e’tirof bilan Turkiya YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatidagi o‘z o‘rnini yanada mustahkamlaydi va boy tarixiy qadriyatlarini umuminsoniy meros doirasida dunyo miqyosida tan olinishiga xizmat qilmoqda.
Lidiya poytaxtining shonli merosi
Tarixi miloddan avvalgi V asrga borib taqaladigan Sardis miloddan avvalgi VI asrda Lidiya qirolligining poytaxti sifatida tarixda nom qozongan. Lidiyaliklar — o‘ziga xos til va diniy tizimni rivojlantirgan, oltin va kumush tangalarni birinchi bo‘lib muomalaga kiritish orqali pul tizimi evolyusiyasida katta o‘zgarish boshlagan Onado‘li xalqi edi. Bir paytlar Paktol daryosi nomi bilan mashhur bo‘lgan Sart soyi Sardis va uning atrofini shoh Krezning ulkan boylik manbai bo‘lgan oltin konlari bilan boyitgan.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, “Sardis mustahkam qal’alari, ayvonlari va alohida zonalari, jumladan, aholi punktlari, ziyoratgoh va qabristonlarga ega bo‘lgan noyob shahar tuzilishiga ega edi”. Sardis shahri o‘zining me’moriy tuzilishi va madaniy merosi bilan ajralib turar ekan, Bintepe hududidagi Lidya tumullari 7 500 gektardan ortiq maydonga yoyilgan 119 dan ortiq qabrtosh tepalari bilan dunyoning eng yirik qadimiy nekropollaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Miloddan avvalgi VI asrda Lidiya qirolligi qulaganidan keyin Sardis Fors, Yunon, Rim va Sharqiy Rim hukmronligi ostida o‘z ahamiyatini saqlab qoldi. Bugungi kunda bu yerda juda yaxshi saqlanib qolgan Rim inshootlari, jumladan, hammom-gimnaziya majmuasi, akropol va Artemida ibodatxonasi mavjud. Qadimiy Sardis shahri diniy ahamiyati bilan ham ajralib turadi. Unda qadimgi dunyoning mashhur eng katta sinagogi va G‘arbiy Onado‘lidagi Yetti Vahiy cherkovidan biri joylashgan. Xristianlar uchun Turkiyadagi eng muhim diniy maskanlardan biri bo‘lgan bu cherkovlar nafaqat ilk nasroniylikning tarqalishidagi roli, balki Vahiy kitobiga ko‘ra, Avliyo Ioanndan ularni ruhiy yangilanishga chaqiruvchi maktublar olgani uchun ham muqaddasdir. Sardis cherkoviga yozilgan maktubda esa jamoa ruhan o‘lik bo‘lsa-da, “tirikdek” ko‘ringani tanqid qilingan.
Sardis qazish ishlari boshqarmasi rahbarligida qadimiy Sardis shahri va Bintepedagi Lidiya tepaligida arxeologik qazishmalar davom etmoqda. Bu ishlar Turkiyaning boy madaniy merosini muhofaza qilish va barqaror boshqarishga ustuvor ahamiyat beradigan kengroq arxeologik qarashlarning bir qismidir. Joriy yozda davom etayotgan “Tungi muzey” loyihasi bilan Turkiya bo‘ylab 27 ta joy, jumladan Sardis ham tungacha ochiq bo‘ladi va tashrif buyuruvchilarni yulduzlar ostida mamlakatning boy madaniy merosini o‘rganishga taklif qiladi.