Turkiya qamoqxonalari tarixda ilk bor bu darajadagi yuqori yuklamaga duch kelmoqda.
Mamlakat Qamoqxonalar bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil iyun oyi boshida Turkiyadagi umumiy mahkumlar soni 416 927 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatning 34 ta viloyati aholisining sonidan ham ko‘p va qamoqxonalarning rasmiy sig‘imi bo‘lgan 295 000 nafardan ancha oshgan.
Umumiy mahkumlar sonidan 359 227 nafari – hukm chiqarilib, jazo muddatini o‘tayotganlar, 57 700 nafari esa tergov izolyatorida, sud qarorini kutmoqda. So‘nggi ikki oyda qamoqqa olinganlar soni 13 867 nafarga ko‘paygan. Bu esa Turkiya qamoqxonalari tizimiga bo‘lgan yuklama keskin ortganini ko‘rsatadi.
Qamoqxonalarda belgilangan sig‘imdan 121 ming nafarga ko‘p inson saqlanayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu holat mahkumlarning yashash sharoiti, xavfsizligi va inson huquqlarining ta’minlanishiga katta tahdid soladi.
Hozirgi kunda qamoqxonalarda 18 727 ayol mavjud. Bu raqam ham jamoatchilik diqqatini tortmoqda, chunki ayollar uchun mo‘ljallangan sharoit va infratuzilmalarni yanada takomillashtirish talab etiladi.
Mutasaddilar fikricha, jinoyatchilikka qarshi davlat siyosati qayta ko‘rib chiqilishi, jazoni shartli tayinlash, tuzatish ishlari va reabilitasiya dasturlari kabi muqobil jazo choralariga e’tibor qaratlishi lozim.