Bu haqda COP31 raisi, Turkiya atrof-muhit, urbanizasiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum NTV telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Vazirning ta’kidlashicha, Anqara konferensiyada iqlim kun tartibi va iqlim adolatini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratadi.
«Tinchlik bo‘lmagan joyda iqlim adolati ham bo‘lmaydi», — dedi Kurum. U konferensiya munosabati bilan Turkiyaning Isroil davlati va hukumatiga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasligini ta’kidladi.
Kurumning tushuntirishicha, sammitga davlat rahbarlarini taklif qilish mezbon mamlakat vakolatiga kiradi. Biroq barcha davlatlar BMT shafeligidagi muzokaralarda ishtirok etish, o‘z pozisiyasi, tashabbuslari va loyihalarini taqdim etish huquqiga ega.
Vazir Turkiya G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarni sukut saqlab kuzatib turmasligini ham bildirdi. Falastin muammosiga e’tibor qaratish maqsadida COP31 konferensiyasining 6250 kishiga mo‘ljallangan eng katta zali «G‘azo» deb nomlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida anklavdagi voqealarga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda falastinlik rassomlarning urush, adolatsizlik va gumanitar fojiaga bag‘ishlangan asarlari namoyish etilmoqda.
Konferensiyaning asosiy vazifasi haqida gapirar ekan, Kurum xalqaro hamjamiyat yangi va’dalar berishdan ko‘ra, avval qabul qilingan majburiyatlarni bajarishga o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi iqlim sammitlarida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish ko‘p hollarda kechikib kelgan.
«So‘zlar vaqti o‘tdi. Biz voqealar markazida turibmiz. Gapirish tugadi, endi amaliy harakatlarga o‘taylik. Bizga yangi majburiyatlar kerak emas», — dedi vazir.
U davlatlar tomonidan 300 milliard dollar, xususiy sektor tomonidan esa 1 trillion dollar miqdorida iqlim moliyalashtirishi ajratilishi bo‘yicha e’lon qilingan majburiyatlarni ham eslatdi.
Kurum Turkiya COP31 konferensiyasi ushbu mablag‘lar va majburiyatlarni amaliy bosqichga o‘tkazish maydoniga aylanishini istashini bildirdi. Shu sababli tadbir «Amalga oshirish COPi» deb nomlangan.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirokida o‘tadigan yetakchilar sammiti iqlim konferensiyalari tarixida ishtirokchilar soni bo‘yicha eng yirik tadbirga aylanishi kutilmoqda.
Kurum ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 102 nafar davlat va hukumat rahbari hamda 330 nafar vazir ishtirok etishini tasdiqlagan. Konferensiyaga tashrif buyuruvchilarning umumiy soni 100 ming kishidan oshishi kutilmoqda. Intervyu berilgan kuni tadbirning «ko‘k zona»sida qariyb 22 ming ishtirokchi bo‘lgan.
Turkiya raisligining ustuvor yo‘nalishlari qatorida toza energetikani rivojlantirish, «Nol chiqindi» konsepsiyasi, metan chiqindilarini qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash, yashil sanoatni rivojlantirish, barqaror shaharlar barpo etish, shuningdek, okean va dengizlarni muhofaza qilish masalalari bor.