Bugun 25 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Turkiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgan taqdirda nima qilish haqida o‘ylamoqda

Turkiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgan taqdirda nima qilish haqida o‘ylamoqda

Turkiya “O‘rta yo‘lak” va “Taraqqiyot yo‘li” kabi logistika loyihalarini amalga oshirish ustida ishlamoqda. Bu haqda respublika transport vazirligi rahbari Abdulqodir Uraloglu ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi neft va gazga boy mintaqa bo‘lgan Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazini, jumladan Bahrayn, Iroq, Eron, Qatar, Quvayt va Saudiya Arabistonini bog‘laydi.

— Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgan taqdirda quruqlik va dengiz yo‘llari bo‘lishi kerak. Shuning uchun biz “O‘rta yo‘lak” va “Taraqqiyot yo‘li” loyihalarini amalga oshirish uchun barcha zarur ishlarni qilyapmiz. Hududimiz orqali 2,1 ming km “Taraqqiyot yo‘li” o‘tadi va biz unga 24 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritamiz. Shuningdek, 2,2 ming kilometri hududimiz orqali o‘tuvchi “O‘rta yo‘lak”ni mustahkamlashga intilamiz. Biz uning ma’lum qismlarini qurishni yakunladik, — deya vazirning so‘zlarini keltiradi Hürriyet gazetasi.

Uralogluning so‘zlariga ko‘ra, “Taraqqiyot yo‘li” qurilgach, Yevropaga tovarlarni yetkazib berish muddati 25 kungacha, “O‘rta yo‘lak” orqali esa 13 kungacha qisqaradi.

O‘rta (Transkaspiy) xalqaro transport yo‘nalishi Xitoydan Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya orqali Yevropa davlatlariga o‘tadi. Yuk tashuvi temir yo‘l va dengiz transportini (Kaspiy dengizi orqali) o‘z ichiga oladi. Yo‘nalish uzunligi 11 ming km, o‘tkazish quvvati yiliga 4,5 million tonnadan 27 million tonnagacha.

Evropa va Osiyo o‘rtasidagi uzluksiz transport aloqalarini ta’minlaydigan “Taraqqiyot yo‘li” loyihasi 2023 yilda Iroq hukumati tomonidan boshlangan. “Taraqqiyot yo‘li” Iroqni qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan tezyurar avtomobil yo‘llari bilan bog‘langan 1200 km dan ortiq temir yo‘llarni modernizasiya qiladi va quradi. 2024 yil aprel oyida Turkiya, Iroq, BAA va Qatar o‘rtasida xalqaro transport va logistika tizimini yaratish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolangan edi. U 17 milliard dollarga baholangan.

Avvalroq Italiya tashqi ishlar vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Antonio Tayani Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tijorat kemalari uchun yopmaslikka va’da berganini aytgan edi.

Kiritildi: 20:05 23.06.2025. O'qildi: 944 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!