Bugun 11 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Turkiy sivilizasiyada madaniy meros va biologik xilma-xillikni asrash: mushtarak an’analardan qo‘shma harakatlargacha

Turkiy sivilizasiyada madaniy meros va biologik xilma-xillikni asrash: mushtarak an’analardan qo‘shma harakatlargacha

2026 yil 10 sentyabr kuni Boku iqlim harakati haftaligi doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan “Turkiy sivilizasiyada madaniy meros va biologik xilma-xillikni asrash: mushtarak an’analardan qo‘shma harakatlargacha” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi Prezidenti, professor Aktoti Raymkulovaning kirish so‘zi bilan boshlandi. U, shuningdek, davra suhbatini moderator sifatida olib bordi. Jamg‘arma Prezidenti tadbirni tashkil etish uchun zarur shart-sharoit va ko‘makni ta’minlagan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Davra suhbatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha vakili, COP29 Prezidenti Muxtor Babayev; COP29 yuqori darajali iqlim chempioni, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Nigar Arpadarai; Milliy Majlisning Oila, ayollar va bolalar masalalari qo‘mitasi raisi Hijron Huseynova; Milliy Majlis deputati Fariz Ismoilzoda; Madaniy merosni muhofaza qilish, rivojlantirish va qayta tiklash davlat xizmati rahbari Sabina Hojiyeva; “Icheri shahri” davlat tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi boshqaruvi kengashi a’zosi Aytaj Alisultonli; Qozog‘istonning “International Green Technologies and Investment Projects Center” AJ Boshqaruvi raisi Saken Kalkamonov; “ZHASYL DAMU” AJ direktorlar kengashi a’zosi va mustaqil direktori Kambar Omarov; Akdeniz universiteti Madaniy merosni restavrasiya va konservasiya bo‘limi rahbari, Butunjahon suvosti federasiyasi Ilmiy qo‘mitasi direktori doktor Hakan O‘niz; ICOMOS Turkiya Milliy qo‘mitasi hamda ICOMOS Madaniy merosni suv ostida muhofaza qilish xalqaro qo‘mitasi a’zosi Jeyda O‘ztosunlar rasmiy ma’ruzachilar sifatida ishtirok etdi.

Ma’ruzachilar iqlim o‘zgarishining madaniy merosga ta’siri, madaniy va tabiiy merosning o‘zaro bog‘liqligi, biologik xilma-xillikni asrash, an’anaviy bilim va amaliyotlarni saqlash hamda kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek, madaniy merosning iqlim bilan bog‘liq xavflarga chidamliligini oshirish yo‘llari haqida fikr almashdilar.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Mushtarak turkiy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan qo‘shma loyihalar hamda amaliy tashabbuslarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha komissari (Ombudsman) Sabina Aliyeva; Turkiya Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Birol Akg‘un; Meksika Qo‘shma Shtatlarining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Mariya Viktoriya Romero Kabalyero; Ozarbayjonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari; TURKPA, ICESCO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari; turli mamlakatlardan kelgan olimlar va ekspertlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.

Davra suhbati doirasida o‘tkazilgan muhokamalar turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy meros va biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, mavjud tajriba almashish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir ochiq muloqot shaklidagi muhokamalar bilan davom etdi.

Kiritildi: Bugun 12:30. O'qildi: 142 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!