Bishkek shahar sudi 10 sentyabr kuni “75 maktub” ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga, jumladan, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyevga hukm o‘qidi.
“75 maktub” ishi bo‘yicha barcha sudlanuvchilar 4 yilga hukm qilindi, biroq sud ularga 2 yil muddatga probasiya nazoratini qo‘lladi. Bishkek shahar sudi hokimiyatni kuch bilan egallash moddasini olib tashlab, uning o‘rnini saylov huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish moddasiga almashtirdi. Shu bilan birga, yangi modda bo‘yicha hukmda mol-mulkni musodara qilish nazarda tutilmagan.
2 iyul kuni Bishkek sudi “75 maktub” ishi bo‘yicha hukm chiqargandi. O‘shanda Qamchibek Tashiyev hokimiyatni kuch bilan egallab olish moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan, unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq 3 yillik probasiya nazorati o‘rnatilib, jazoni o‘tashdan ozod etilgandi.
Shu yilning fevral oyida 75 kishi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Jogorku Kenesh (parlament) raisiga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llagandi. Murojaat mualliflari keyinchalik qo‘lga olinib, ayrimlariga jinoiy ish ochilgan. Mazkur maktub ortidan Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgandi. O‘shanda prezident Japarov do‘sti Tashiyevning “75 maktub”ga aloqadorligini tergov va sud aniqlashini aytgandi.