AQShda rossiyalik taksi haydovchisi GPS orqali berilgan yo‘nalishga amal qilib, tasodifan Kaliforniyadagi harbiy baza hududiga kirib ketgani uchun hibsga olindi.
Shot Telegram kanalining xabar berishicha, Sergey Uber haydovchisi bo‘lib ishlagan va GPS orqali berilgan yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish buyurtmasini bajarayotgan bo‘lgan. U burilishdan o‘tib, Pendleton dengiz piyodalari bazasi darvozasiga kelib qolgan.
Haydovchini baza hududida harbiy xizmatchilar to‘xtatib, immigrasiya xodimlariga topshirgan. Shundan so‘ng u hibsxonaga yuborilgan va deportasiya jarayoni boshlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik erkak 2019 yilda talabalik vizasi bilan AQShga kelgan. Vizasi bir yil o‘tib tugaganidan so‘ng u ishlash uchun ruxsatnoma olgan va boshpana so‘ragan.
Biroq sud uning ushbu hujjatlari sud jarayoni yakunlanguniga qadar AQSh hududida ozodlikda qolish huquqini bermasligi haqida qaror chiqargan.
Hozirda uning AQShda qolish maqomi bo‘yicha sud jarayoni va deportasiya masalasi ko‘rib chiqilmoqda.