Bugun 11 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Xitoy va Eron AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tish sxemasini ishga tushirdi

Xitoy va Eron AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tish sxemasini ishga tushirdi

Xitoy va Eron AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tish imkonini beruvchi yashirin barter tizimini yaratgan. Reuters manbalariga ko‘ra, Tehron neftini Xitoy tovarlariga, jumladan aloqa vositalari, avtomobillar, dori-darmonlar va hatto havo mudofaasi tizimlariga almashtirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir yilda ushbu mexanizm orqali 2–2,5 milliard dollar miqdorida mablag‘ aylangan.

Sanksiyalar va moliyaviy cheklovlar tufayli oddiy bank o‘tkazmalaridan foydalanish qiyinlashgan. Shu sababli tomonlar bir nechta vositachi kompaniyalar va maxsus moliyaviy tuzilmalar orqali hisob-kitoblarni amalga oshirmoqda.

Sxema doirasida Eron neftini sotishdan tushgan mablag‘lar maxsus kompaniyalar hisoblariga o‘tkaziladi. Keyin mablag‘larning bir qismi Erondagi infratuzilma loyihalariga yo‘naltiriladi, qolgan qismi esa Xitoy eksportchilariga tovarlar uchun to‘lov qilishga sarflanadi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, sxema kamida 2021 yildan beri ishlab kelmoqda. Dastlab u COVID-19 vaksinalarini xarid qilish uchun yaratilgan, keyinchalik esa Eron uchun muhim moliyaviy mexanizmga aylangan.

Xitoy uchun bu tizim arzon neft bilan ta’minlanish va AQShning ikkilamchi sanksiyalaridan himoyalanish imkonini beradi. Eron esa o‘z navbatida neft eksportini davom ettirib, zarur tovarlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, vositachi kompaniyalar va yashirin moliyaviy tuzilmalardan foydalanish yirik Xitoy banklari va kompaniyalarini AQSh sanksiyalariga duch kelish xavfidan himoya qilishga xizmat qilishi mumkin.

Kiritildi: 23:05 10.09.2026. O'qildi: 1434 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!