2025 yil 24 noyabr kuni Qozog‘istonning Astana shahrida “Ildiz va ohang: turkiy musiqa asboblarini yasash an’analari va zamonaviy yechimlar” nomli Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Tadbir “World Music” Xalqaro san’at festivali doirasida, Astana shahar hokimligi va Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Simpoziumning maqsadi — turkiy xalqlar orasidagi musiqa asboblari yasash an’analarini chuqur o‘rganish, qadimiy texnologiyalar bilan zamonaviy innovasion yondashuvlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni aniqlash, shuningdek, ustalar, olimlar, ijrochilar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish uchun ilmiy–amaliy maydon yaratish edi.
Ochilish marosimida Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi Prezidenti Akto͞ti Raimqulova so‘zga chiqib, an’ana va zamonaviyat uyg‘unligi yangi tadqiqotlar, texnologik yondashuvlar va xalqaro ilmiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. U simpozium mazkur yo‘nalishda yetakchi mutaxassislarni birlashtiruvchi muhim platforma ekanini qayd etdi.
Shundan so‘ng, Jamg‘arma Prezidenti yalpi majlislar moderatori sifatida ishtirokchilarga so‘z berdi. Ular orasida:
— Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati a’zosi, akademik Darxan Qidirali;
— Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va Axborot vazirligi Madaniyat qo‘mitasi raisi Yerlan Dakinov;
— Astana shahar hokimining o‘rinbosari Eset Bayken;
— Qozog‘iston Respublikasining YUNESKO va IKESKO bo‘yicha Milliy komissiyasi Bosh kotibi Janar Shaymenova;
— “Venger Merosi Uyi” bosh maslaxatchisi, Vengriya xalqi artisti Akosh Gergeli ishtirok etdi.
Simpozium doirasida “Umumiy Ohang: Turkiy musiqa asboblarini tadqiq qilish va xalqaro hamkorlik” mavzusida davra suhbati ham o‘tkazildi. Unda turkiy xalqlar musiqiy merosini o‘rganish, institusional hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi hamda Uzeĭir Hojibayli nomidagi Boku Musiqa Akademiyasi hamkorligida chop etilgan “Turkiy tilli mamlakatlarning milliy musiqa asboblari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. To‘rt tilda tayyorlangan ushbu nashr turkiy musiqiy merosni xalqaro miqyosda namoyish etish va ilmiy tasniflash uchun muhim manba sifatida yuqori baholandi.
Simpozium yakunida ishtirokchilar tomonidan turkiy xalqlarning musiqa asboblari yasash merosini asrash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga bag‘ishlangan Qo‘shma Rezolyusiya qabul qilindi. Hujjatda musiqa asboblari bo‘yicha yagona ilmiy ma’lumotlar bazasini yaratish, an’anaviy ustachilik maktablarini tizimli ravishda o‘rganish, musiqa asboblari yasash bo‘yicha maxsus kurslarni ta’lim dasturlariga kiritish, shuningdek, raqamli arxivlash, 3D modellashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan.
Rezolyusiyada, shuningdek, turkiy musiqiy merosni YUNESKO va IKESKO doirasida keng targ‘ib etish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish uchun “Turkiy musiqa asboblari ustalari assosiasiyasi”ni tuzish imkoniyatini o‘rganish masalasi nazarda tutilgan.