AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga mojaroni tartibga solish bo‘yicha amerikaliklar tayyorlagan «tinchlik rejasi»ga rasmiy javob berish uchun — 27 noyabrgacha — qat’iy muddat belgiladi. Bu haqda Financial Times yozmoqda. Nashr hujjat atrofidagi keyingi jarayonlar uchun ehtimol bo‘lgan uchta ssenariyni tasvirlagan, unda Kiyev uchun og‘ir hisoblangan birqator yon berishlar nazarda tutilgan.
FT manbalariga ko‘ra, agar Kiyev taklif qilingan shartlarni rad etsa, Tramp o‘zining saylovoldi va’dasini bajarib, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishi mumkin. Nashr ma’lumotlariga qaraganda, Yevroittifoqda bunday variant butun Yevropa xavfsizlik tizimi uchun juda xavfli deb baholanmoqda.
Agar Ukraina rejani muzokaralar asosi sifatida qabul qilsa, lekin uni qayta ishlash sharti bilan, bu holat tomonlarni dialogga rozi bo‘lishi va eng qattiq talablarni yumshatishga harakat qilishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Tahlilchilar bu yo‘lni eng realistik deb hisoblashadi, chunki u manyovr va muvozanatga kelish imkonini qoldiradi.
23 noyabr kuni Jenevadagi uchrashuvdan so‘ng Vashington va Kiyev dastlabki hujjatni qayta ishlash va rejaning aniqlashtirilgan doirasini belgilashga kelishib oldi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio tortishilayotgan bandlar soni qisqarganini bildirgan, ammo xavfsizlikka oid asosiy masalalar hamon ochiqligicha qolganini ta’kidlagan.
Shuningdek, kelishmovchiliklar va noaniq iboralar jarayonni to‘sib qo‘yishi, mojaro davom etishi va diplomatik urinishlar to‘xtab qolishi ehtimoli ham bor. FT bunday ssenariy eskalasiyani kuchaytirishi va Ukraina davlatchiligining kelajagini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 28 banddan iborat reja Ukrainadan Donbassning bir qismidan voz kechishni, NATOga kirishdan rasman voz kechishni va armiya sonini qisqartirishni nazarda tutadi. Moskva hujjatni muzokaralar uchun asos sifatida ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan, biroq oldindan o‘t ochishni to‘xtatmasdan, har tomonlama kelishuvni talab qilmoqda.
Evropa mamlakatlari o‘z navbatida yumshatilgan hududiy yon berishlar va NATO modeli bo‘yicha xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olgan alternativ taklif tayyorlagan. Biroq FT ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev AQSh rejasiga joriy hafta oxiriga qadar yakuniy javob berishi kerak.