Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Geografiya instituti xodimlarining aytishicha, Kaspiy dengizidagi suvning chekinishi vaqtinchalik hodisa emas, balki mintaqa qiyofasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli jarayonlarning bir qismidir. Bu haqda Ozarboyjonning Minval yangiliklar portali yozdi.
Institut xodimlari suv sathining pasayishini faol tektonik jarayonlar bilan izohlamoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi yosh tog‘ tizmasi hosil bo‘lish zonasida joylashgan: Kavkaz tog‘lari o‘sishda davom etmoqda va aynan shu tektonik faollik suvning chekinishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Kaspiy dengizi faol tektonik zonada joylashgan. Kavkazda tog‘ hosil bo‘lish jarayoni tugallanmagani sababli, biz suv sathining pasayishini kuzatmoqdamiz. Tektonik jarayonlar esa juda uzoq davom etadi», dedi institut ilmiy xodimi Mirnux Ismoilov.
Uning fikricha, kelajakda Kaspiy dengizi ikkita alohida suv tizimiga - Darband botig‘idagi shimoliy va Lyankaran botig‘idagi janubiy suv tizimlariga bo‘linishi mumkin. Bu jarayon vaqt o‘tishi bilan cho‘ziladi, ammo joriy dinamikani saqlab qolgan holda muqarrardir.
Geografiya institutining yana bir xodimi Elnur Jafarovning qo‘shimcha qilishicha, suv sathi shunchalik pasayishi mumkinki, dengiz qirg‘oq chizig‘idan 30 kilometrdan ko‘proq masofaga chekinadi.