2026 yil 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirilayotgan ishchi tashrif doirasida Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi Prezidenti, professor Aktóti Raymkulova O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Bosh direktori Abdusaid Kuchimov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Jamg‘arma va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, turkiy xalqlarning moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan xalqaro madaniy-gumanitar loyihalar va tashabbuslarni axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Professor Aktóti Raymkulova Jamg‘armaning asosiy loyihalari va tashabbuslari, jumladan, «Turkiy madaniy merosning ko‘p tilli katalogi», «Turkiy folklor antologiyasi», TurkicHeritage raqamli platformasi, restavrasiya, nashriyot, ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalari, shuningdek, Birinchi Turkologiya quriltoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Kuchimov Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasining faoliyati hamda turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, Jamg‘armaning loyiha va tashabbuslarini axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish, turkiy dunyo madaniyati va merosini xalqaro media makonida kengroq targ‘ib etishga qaratilgan mavzuli maqolalar, intervyular, foto va videomateriallar tayyorlash yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.