Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi “Qozoq adabiyoti tarixi” kitobini taqdim etdi

Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi “Qozoq adabiyoti tarixi” kitobini taqdim etdi

2026 yil 26 oktyabr kuni 12-Boku xalqaro kitob yarmarkasi doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan “Turkiy dunyoning ilmiy xazinalari” kitoblar turkumidan o‘rin olgan, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiy Tag‘isoy muallifligidagi “Qozoq adabiyoti tarixi” nomli yangi nashrning taqdimoti o‘tkazildi.

“Qozoq adabiyoti tarixi” kitobi adabiyotshunoslar, turkologlar, qiyosiy adabiyotshunoslik sohasidagi tadqiqotchilar, bakalavriat va magistratura talabalari, doktorantlar, shuningdek, qozoq xalqining adabiy-estetik merosiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar kengashi raisi Farid Husayn moderatorligida o‘tkazilgan taqdimot marosimida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimkulova, kitob muallifi Nizomiy Tag‘isoy, Ozarbayjon Tillar universiteti Ozarbayjon adabiyoti kafedrasi mudiri, akademik Muxtor Imanov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, shoir Odil Jamil hamda filologiya fanlari doktori, professor Seyfaddin Rzasoy so‘zga chiqib, nashrning ilmiy va adabiy ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Tadbirni ochib bergan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimkulova qozoq adabiyotini tizimli o‘rganish, shuningdek, turkiy dunyoning mushtarak adabiy va madaniy merosini targ‘ib etishda mazkur nashrning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Aktoti Raimkulovaning ta’kidlashicha, professor Nizomiy Tag‘isoy muallifligidagi “Qozoq adabiyoti tarixi” kitobida qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan qozoq adabiyoti tarixi, uning rivojlanish bosqichlari, atoqli adib va ijodkorlarning hayoti hamda ijodiy yutuqlari izchil va xronologik tartibda yoritilgan. Shuningdek, nashrda qozoq xalqining madaniy tafakkuriga oid turli jihatlar, jumladan, jirov va oqin shoirlar ijodiga xos adabiy an’analar tizimli hamda konseptual jihatdan tahlil qilingan.

Jamg‘arma prezidenti bu kabi ilmiy nashrlar turkiy xalqlar adabiyoti tarixini chuqurroq anglash va o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, jamg‘arma prezidenti muallifning mazkur kitobni yaratish yo‘lida olib borgan 40 yillik ilmiy faoliyatiga hurmat va ehtirom bildirib, Nizomiy Tag‘isoyni yangi nashr bilan tabrikladi. Shundan so‘ng Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi nomidan Nizomiy Tag‘isoyga qozoq xalqining an’anaviy milliy kiyimi — chopon sovg‘a qilindi.

Kitob muallifi, professor Nizomiy Tag‘isoy o‘z nutqida nashrning mazmun-mohiyati, ilmiy maqsadlari va tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. U qozoq adabiyotining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini, uning atoqli namoyandalari ijodiy merosini hamda qozoq xalqining adabiy-estetik tafakkurini o‘rganish muhimligini ta’kidladi.

Tadbirning badiiy dasturi doirasida Serik Nurmoldayev va Jadra Musrepova tomonidan qozoq xalqining an’anaviy musiqiy asarlari ijro etildi. Musiqiy chiqishlar do‘mbira va jetigen cholg‘u asboblari jo‘rligida namoyish qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga muallif dastxati tushirilgan yangi nashr nusxalari topshirildi hamda esdalik uchun jamoaviy suratlar olindi.

Kiritildi: Bugun 10:17. O'qildi: 188 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!