2026 yil 7–11 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasining Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizasiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Islom sivilizasiyasining 1-xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning murojaatini Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi o‘rinbosari Kürshad Zorlu yetkazdi. Tatariston Respublikasi Raisining murojaati esa “Rossiya – Islom dunyosi” Strategik qarashlar guruhi raisi maslahatchisi va Tatariston Respublikasi Raisining maxsus vakili Farit Muxametshin tomonidan o‘qib eshittirildi.
Ochilish marosimida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining Din ishlari va ma’rifat masalalari bo‘limi rahbari Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev hamda ICESCO Bosh direktori Salim M. AlMalik nutq so‘zladi. Shuningdek, Musulmon Jahon Ligasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim Al-Issaning videomurojaati namoyish etildi.
Forumda Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi Prezidenti, professor Aktoti Raimqulova ham ishtirok etdi. U “Buyuk o‘tmish merosi — ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi to‘rtinchi yalpi majlisda ma’ruza qildi.
Professor Aktoti Raimqulova o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonda Islom sivilizasiyasi markazini tashkil etgani va mazkur forumga asos solgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning sivilizasiyalararo muloqotni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Jamg‘arma prezidenti islom va turkiy sivilizasiyalarning jahon madaniy merosiga qo‘shgan ulkan hissasiga to‘xtalib, Jamg‘armaning ICESCO hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi bilan hamkorlikdagi faoliyati haqida ma’lumot berdi.
So‘zining yakunida professor Aktoti Raimqulova islom va turkiy sivilizasiyalar merosini asrab-avaylash yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidlab, forum tashkilotchilariga samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur forum dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar hamda boshqa tashkilotlar vakillarini bir maydonda jamladi.