Bokuda “Umumiy kelajak uchun muloqot” mavzusida o‘tkazilayotgan 7-Jahon madaniyatlararo muloqot forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev nutq so‘zladi.
Prezident Ilhom Aliyev o‘z nutqida so‘nggi 15 yil davomida forum madaniyatlararo muloqot va global masalalarni muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydonga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, u xalqaro hamkorlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sivilizatsiyalar alyansi tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni yuksak baholadi.
Forum doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimkulova Xalqaro tashkilotlarning 3-yuqori darajadagi uchrashuvi hamda Boku jarayoni doirasidagi 6-vazirlar uchrashuvining qo‘shma maxsus sessiyasida nutq so‘zladi.
Professor Aktoti Raimkulova o‘z nutqida turkiy dunyoning mushtarak madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish muhimligini ta’kidlab, bu borada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.
Jamg‘arma prezidenti tashkilot tomonidan madaniy merosni raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalar haqida ham ma’lumot berdi. Xususan, jamg‘armaga a’zo davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan “TurkicHeritage” raqamli platformasi alohida taqdim etildi.
Professor Aktoti Raimkulova madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga doimiy e’tibor va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatib kelayotgani uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga, shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani va xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligiga minnatdorlik bildirdi.
Forumda Ozarbayjon Respublikasida akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, turli mamlakatlarning davlat va hukumat amaldorlari, parlament a’zolari, siyosatchilar, diniy yetakchilar, ilmiy va akademik hamjamiyat vakillari, madaniyat namoyandalari, xalqaro nodavlat tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ekspertlar, tadqiqotchilar, shuningdek, yoshlar va xususiy sektor vakillarini o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq mamlakatdan 500 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.