Bugun 25 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

«Turkiston» ikki jildli ensiklopediyasi Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasi ko‘magida Ostona shahrida taqdim etildi

A A A
«Turkiston» ikki jildli ensiklopediyasi Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasi ko‘magida Ostona shahrida taqdim etildi

2026 yil 22 oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasida Respublika kuni bayrami arafasida «Turkiston» ikki jildli ensiklopediyasining tantanali taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi hamda Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasining hamkorligi va ko‘magida tashkil etildi.

Jami 880 sahifadan iborat mazkur fundamental ilmiy nashr Turkistonni nafaqat Qozog‘istonning zamonaviy shahri va mintaqasi, balki turkiy sivilizasiyaning eng muhim tarixiy va ma’naviy markazlaridan biri sifatida ham keng yoritadi. Ikki jildli ensiklopediyaning bosh muharriri va loyiha rahbari akademik Darxon Qidirali, mas’ul muharriri esa filologiya fanlari nomzodi Turdiqul Shanbay hisoblanadi.

Tadbir davomida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malik O‘tarboyev davlat rahbari nomidan ensiklopediyani tayyorlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Turdiqul Shanbay hamda nashrning mas’ul muharriri Jandos Badeluliga maxsus «Oltin Bars» nishonlari bilan birga minnatdorlik yorliqlarini tantanali ravishda topshirdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor Oqto‘ti Raimqulova turkiy xalqlarning umumiy tarixiy va madaniy xotirasini asrab-avaylash hamda tizimlashtirishda bunday fundamental ilmiy loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Jamg‘arma prezidenti Turkistonning umumturkiy sivilizasiyaning eng muhim markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratib, mazkur ensiklopediya kelajak avlodlar uchun qimmatli ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbir doirasida Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasi tomonidan turkiy merosni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissasi e’tirofi sifatida akademik Darxon Qidirali va akademik Odil Ahmedovga «Turkiy madaniyat va meros elchisi» faxriy unvoni berildi.

Shuningdek, nashrning mas’ul muharriri Turdiqul Shanbay hamda taniqli jurnalist, Ozarbayjonning «Turkistan.az» axborot portali bosh muharriri Og‘il Jamol Turk dunyosi madaniyati va merosi jamg‘armasining maxsus tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, ensiklopediya ustidagi ishlar 2021–2025 yillar davomida olib borilgan. Uni tayyorlash jarayonida 300 nafardan ortiq olim va tadqiqotchi ishtirok etib, 4 000 dan ziyod nom, atama va tushunchalarni o‘rgangan hamda tahlil qilgan.

Tantanali marosimda davlat va jamoat arboblari, taniqli olimlar, ziyolilar vakillari, shuningdek, turkiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkmanistonning Qozog‘istondagi elchilari ham bor edi.

Kiritildi: 14:52 24.10.2026. O'qildi: 401 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!