12-Boku xalqaro kitob yarmarkasi doirasida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “Ozarbayjon adabiyotshunosligida Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashr ozarbayjonlik buyuk shoir va mutafakkir Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligi hamda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan chop etildi.
Tadbirda Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor Oqtoti Raimqulova, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Ganja bo‘limi Nizomiy Ganjaviy markazi bo‘lim mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alimuhtor Muhtorov, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnatova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari, dosentlar Zehra Allohverdiyeva va Tahmina Badalova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Afoq Xalili, shuningdek, adabiyotshunos olimlar va kitobxonlar ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Jamg‘arma prezidenti, professor Oqtoti Raimqulova nashrning turkiy dunyoning ikki buyuk shoiri va mutafakkiri — Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning boy adabiy merosini o‘rganish hamda targ‘ib etishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
U 2025 yil 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlarining 12-sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan har ikki adibning yubileylari munosabati bilan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish taklifi ilgari surilganini qayd etdi.
Ushbu tashabbusni ham inobatga olgan holda, Jamg‘arma Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning hayoti hamda ijodini qiyosiy o‘rganishga hissa qo‘shish maqsadida mazkur nashrni tayyorladi.
Professor Oqtoti Raimqulova o‘z nutqida Ozarbayjonda har ikki shoirning ijodiy merosini o‘zaro va qiyosiy o‘rganish boy ilmiy an’analarga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Kitob taqdimotida so‘zga chiqqan boshqa olim va tadqiqotchilar ham nashrning ilmiy ahamiyati, xususan, Ozarbayjon adabiyotshunosligida Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodini qiyosiy tadqiq etishdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tdilar.
Qayd etish joizki, “Ozarbayjon adabiyotshunosligida Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy” kitobida turli yillarda chop etilgan ilmiy maqolalar ilk bor tizimlashtirilib, yagona nashrda jamlangan.