Rossiyada narkotik moddalar kontrabandasi ishi bo‘yicha hukm qilingan AQSh elchixonasining sobiq xodimi Mark Fogel mahbuslarni almashish ishi doirasida Rossiyani tark etdi. Bu haqda Reuters agentligi Oq uyga tayanib xabar bermoqda.
The New York Times gazetasining yozishicha, bu muzokaralarni Oq uyning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff olib borgan.
«Uitkoff Rossiya havo hududini Mark Fogel bilan birga tark etmoqda», — deb yozadi AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi Mayk Uols.
Oq uyning ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp, Uitkoff va prezident maslahatchilari ushbu almashinuv g‘oyasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan. «Ushbu harakat ruslarning yaxshi niyatini namoyon etmoqda va bizning Ukraina mojarosini tugatish yo‘lida to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotganimizni ko‘rsatmoqda», deyiladi bayonotda.