Donald Trampning vakili Paolo Dzampolli joriy yilning yoz oylarida AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Eron terma jamoasini Italiya bilan almashtirish taklifini ilgari surdi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Dzampolli ushbu tashabbusni Tramp va FIFA prezidenti Janni Infantinoga yuborganini tasdiqlagan. U to‘rt karra jahon chempioni bo‘lgan Italiyaning turnirda ishtirok etishi adolatli bo‘lishini ta’kidlagan.
Nashrning yozishicha, bu reja Tramp va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni o‘rtasidagi so‘nggi sovuqchilikni bartaraf etishga qaratilgan siyosiy qadam bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Italiya saralash bosqichida Bosniya va Gersegovinadan mag‘lub bo‘lib, turnir yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan edi. Eron tomoni esa chempionatga to‘liq tayyorligini va unda ishtirok etish niyatida ekanini allaqachon ma’lum qilgan.