Financial Times gazetasi e’lon qilgan kelishuv nusxasiga ko‘ra, Amerikaning "Ukrainaga ko‘rsatgan sezilarli moliyaviy va moddiy yordami" evaziga, mamlakat o‘z tabiiy resurslarining bir qismini ikki davlat tomonidan birgalikda egalik qilinadigan va boshqariladigan "Qayta tiklash investisiya jamg‘armasi"ga ajratadi.
Kelishuv matnida Ukraina tomonidan jamg‘armaga qancha mablag‘ kiritilishi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, unda Kiyev "Ukraina hukumatiga tegishli bo‘lgan barcha tegishli tabiiy resurs aktivlarini kelajakda pulga aylantirishdan olingan jami daromadning 50 foizini" ajratishi belgilangan. Bu aktivlar "foydali qazilmalar, uglevodorodlar, neft, tabiiy gaz va boshqa qazib olinadigan materiallar konlari hamda tabiiy resurs aktivlariga aloqador boshqa infratuzilma (masalan, suyultirilgan tabiiy gaz terminallari va port infratuzilmasi)" sifatida ta’riflangan.
Vashington mamlakat hududidagi 500 milliard dollarlik kamyob yer osti boyliklariga egalik qilish talabidan voz kechdi. Bu talab kelishuv matnida aks ettirilmagan va Zelenskiy avvalroq uni qabul qilmasligini aytgan edi.
Seshanba kuni Tramp AQShga o‘z resurslariga qisman egalik huquqini berish evaziga Ukraina nima olishi haqidagi savolga: "350 milliard dollar, ko‘plab texnika, harbiy qurol-aslaha va jang qilish huquqi," deb javob berdi. U mamlakat hozirgacha AQShdan olgan mablag‘ miqdorini takrorladi. Biroq, 350 milliard dollarlik ko‘rsatkich Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni kuzatib kelayotgan Kil instituti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga zid keladi. Ushbu tadqiqot markazi AQShning yordamini taxminan 114,2 milliard yevro (119 milliard dollar) deb baholaydi.
AQSh Mudofaa vazirligining yuqoriroq bahosi 182,8 milliard dollarni tashkil etadi. Bu raqam o‘qitish va boshqa bilvosita qo‘llab-quvvatlash shakllarini ta’minlash xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.