AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berish qarorini “konstitusiyaga zid” deb atagan Kentukki shtati vakili, respublikachi Tomas Massi Trampning harakatlari partiyaga siyosiy zarar keltirishi mumkinligini aytdi.
CNN telekanalida “Inside Politics Sunday” dasturida gapirgan Massi shunday dedi:
“Tramp 2026 yilda saylovda qatnashmaydi, lekin uning Erondagi harakatlari partiyani bo‘lib tashlaydi. Bu oraliq saylovlarda bizga qattiq ta’sir qiladi. Faqat shu bitta masala ortidan ko‘pchilikni yo‘qotishimiz mumkin.”
Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilar umidsiz, befarq bo‘lib qoladi, ovoz berishga kelmaydi, natijada demokratlar ko‘pchilikni qo‘lga kiritib, Trampni yana impichment qilishlari mumkin.
“Bu nafaqat siyosiy jihatdan yomon qaror, balki yuridik, konstitusion va siyosat nuqtai nazaridan ham noto‘g‘ri”, — dedi Massi.
U shuningdek, Tramp o‘z saylovoldi va’dasini buzganini ta’kidladi:
“Tramp urushlarga kirishmayman degandi. Erondagi harakatlar shu va’daga zid. Ayrim respublikachi saylovchilar buni ko‘ryapti, lekin Kongressdagi GOP a’zolari tanqid qilishdan qo‘rqadi — chunki ular Trampdan va Isroil lobbisidan cho‘chishadi.”
Massi spiker Mayk Jonsonning shanba kuni aytgan gapini ham tanqid qildi. Jonson “Prezident xavf darajasini Kongress harakat qilgunicha kutishdan ko‘ra ustun deb baholadi” degan edi.
Massi bu haqda shunday dedi:
“Agar xavf juda jiddiy bo‘lgan bo‘lsa, nega Spiker Jonson biz Kongress a’zolarini ta’tildan chaqirmadi? Oxirgi haftada Palata sessiyada emasdi.”
Massi o‘zining ikki partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan rezolyusiyasini taqdim etayotganini e’lon qildi. Bu rezolyusiya prezidentning urush vakolatlarini cheklashga qaratilgan bo‘lib, u bu hafta ovozga qo‘yilishini ta’minlamoqchi.
“Prezident Kongress ovozisiz faqat 60 kunlik muddatda harakat qiloladi. Shundan keyin, agar ovoz berish bo‘lmasa, u to‘xtashi kerak. Shuning uchun, bir payt kelib ovoz berishga majbur bo‘lamiz — agar Spiker Jonson Qoidalar qo‘mitasida qandaydir ayyorlik qilib qolmasa”, — dedi u.