Vashingtonda prezident Donald Tramp antisemitizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi farmonni imzolashi kutilmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, Oq uy tarqatgan axborot bayonotida Tramp Amerika fuqaroligiga ega bo‘lmagan kollej talabalari va boshqa shaxslarning Falastin tarafdorligidagi norozilik namoyishlarida ishtirok etgani uchun deport qilinishini va’da qilgan.
Farmonga muvofiq, AQSh Adliya vazirligi yahudiylarga qarshi tahdidlar, zo‘ravonlik va vandalizm holatlarini aniqlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘radi, federal resurslar esa 7 oktyabr 2023 yilda XAMAS Isroilga hujum qilganidan keyin AQSh universitet shaharchalari va ko‘chalarda yuzaga kelgan antisemitizmga qarshi kurashga safarbar qilinadi.
"Biz AQShda yashab, jihod tarafdorligidagi namoyishlarga qo‘shilgan barcha chet elliklarni ogohlantiramiz: 2025 yilda biz sizni topamiz va deport qilamiz!" – deyiladi Trampning farmonga oid bayonotida.
Shuningdek, u "HAMAS tarafdorlari bo‘lgan barcha talabalarning vizalarini bekor qilish" niyatida ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Bu qarorga huquq himoyachilari va huquqshunoslar keskin qarshilik bildirmoqda. Ular bu chora AQSh Konstitusiyasining so‘z erkinligi bo‘yicha Birinchi Tuzatishiga zid ekanini va bu farmon sudga tortilishi mumkinligini bildirishgan.
Falastin tarafdorlari esa XAMASni emas, balki Isroilning G‘azoga harbiy hujumiga qarshi norozilik bildirish uchun namoyishga chiqishganini ta’kidlashmoqda. Mayya Berri, Arab-Amerika instituti rahbari, Trampning bu farmoni Isroilga tanqidni antisemitizm bilan aralashtirish xavfini tug‘dirishini va so‘z erkinligiga cheklov qo‘yishi mumkinligini aytdi.